Namanganlik ixtirochi talabaning kitobi Germaniyada chop etildi

18:45 25 Mart 2023 Jamiyat
1292 0

Foto: Xalq so'zi

21 yoshli Habiba Mirzarahimova Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Texnologik mashina va jixozlar” mutaxassisligi bo‘yicha davlat granti asosida ta’lim oladi.

Habiba bugungi kunda yengil sanoat tarmoqlaridagi muammolardan biriga ilmiy yechim topishga bel bog‘lagan. Aniqroq aytganda, rahbari, texnika fanlari doktori professor Avazbek Obidov bilan birgalikda “Pnevnomexanik usulda yigirilgan ipga buram berish qurilmasini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga tavsiya qilish” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib bormoqda. Mavzuning dolzarbligi shundaki, Namangan viloyatida drayverga aylanib ulgurgan tekstil sanoati uchun asosiy xom ashyo hisoblangan kalava ip ishlab chiqarishni ko‘paytirish ustuvor vazifalardan bo‘lib  qolmoqda. Yosh olimaning sa’y-harakati ayni masalaga qaratilgan bo‘lib, o‘z loyihasi doirasida bir nechta tajriba qurilmalari yaratildi va sinovdan o‘tkazilmoqda.

Talaba qizning tadqiqoti jarayonlaridagi tajribalar davomida olingan natijalar asosida ilmiy maqola va tezislar yaratilib, nufuzli ilmiy jurnallar, xalqaro va mahalliy ilmiy anjumanlarda chop etilmoqda. Hususan, “The American Journal of Manegment”, “Economics innovations” ilmiy nashrlarida Habiba Mirzarahimova muallifligidagi maqolalar e’lon qilindi. Yosh olima o‘z maqolalari negizida monografiya ham tayyorladi. E’tiborga molik jihati, ushbu monografiya Germaniyaning “Lambert Academic Publishing” nashriyotida chop etildi va www.morebooks.shop platformasi orqali dunyo miqyosida sotuvga qo‘yildi.

- Yangilikka intilish xususiyati menga otamdan o‘tgan, u kishi institutda talabalarga dars berish bilan birga ko‘p ixtirolarga qo‘l urganlar,-deydi H. Mirzarahimova. - Oliy ta’limga qabul qilinganimdan so‘ng ilmiy rahbarim - texnika fanlari doktori professor Avazbek Obidov bilan birgalikda izlanishlarni boshlab yubordik. Tadqiqotimiz davomida ko‘plab ip yigirish korxonalariga borib, mavjud muammolarni o‘rgandim. Ular asosida  yuqorida ta’kidlangan mavzuni tanladik. Mana 3 yildirki, ushbu yo‘nalishda ishlayapmiz. O‘tkazgan tajribalarimizning aksariyati o‘zini oqlamoqda. Bu esa oldimizga qo‘ygan maqsadimiz sari dadil qadam tashlash uchun muxim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Habiba Mirzarahimova dastlabki ilmiy mavzu bilan cheklanib qolgani yo‘q. Tadqiqotlarini jadallik bilan davom ettirmoqda. Kelajakda boshlangan ishlarini samarali yakunlab, to‘qimachilik ishlab chiqarishi uchun zamonaviy texnologiyalarni kashf qilish niyatida.

Qudratilla NAJMIDDINOV
“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер