Mobil-ID tizimi qanday ishlaydi va uning afzalliklari nimada?

18:56 06 May 2022 Jamiyat
2254 0

Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham davlat xizmatlari koʻrsatishda korrupsiyaning oldini olish, byurokratik va maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha katta saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Davlat xizmatlari koʻrsatishda zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillardan voz kechish, inson omilini qisqartirish, qogʻozbozlikka barham berish orqali xizmatlar darajasini yuksaltirish mumkin.

Prezidentimizning 2022-yil 20-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Xususan, hujjatda aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlangan.

Unga koʻra, 2022-yil 1-avgustdan boshlab, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etilishi belgilandi. 

Xoʻsh, bu tizim qanday ishlaydi va uning afzalliklari nimada, degan savol tugʻilishi tabiiy.

Aytish joizki, Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda suratga olinadi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi.

Yana bir qulaylik tomoni shundaki, mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi.

Bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, Mobil-ID tizimiga bu odamning yuzi, undan hech narsani yashirib ham bekitib ham boʻlmaydi. Hamma faoliyati ana shu tizimda mujassam boʻladi. Shunday ekan, bu tizimga oʻtish orqali byurokratik toʻsiqlar, maʼmuriy sansalorliklarga barham beriladi. Yana bir muhim va zarur tomoni shundaki, qogʻozbozliklarga chek qoʻyiladi. Zotan, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi amalga oshirilayotgan ekan, Mobil-ID tizimi bu saʼy-harakatlarni oqilona va odilona yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlib xizmat qilishiga shak-shubha yoʻq.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер