Oʻtgan yili 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi — Sudyalar oliy kengashi

Keyingi yillarda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni tizimda katta oʻzgarishlarga sabab boʻldi.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida sudyalarning daxlsizligini taʼminlash, tizimda korrupsiyaning barvaqt oldini olish, munosib kadrlarni tanlash va tayinlash, tizimda ochiqlik hamda shaffoflikni taʼminlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etildi.
Shundan 19 nafari sudyalik qasamyodi va “Sudyalar odobi kodeksi” talablarini buzgani uchun, 8 nafari oʻz xohishiga koʻra, 8 nafari boshqa ishga oʻtgani, 3 nafari esa vafot etgani munosabati bilan vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Oʻtgan yilda 220 nafar sudya boshqa turdagi intizomiy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birga, 2022-yildan eʼtiboran tizimda ochiqlik hamda shaffoflikni taʼminlash orqali sudyalarning masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilganlar haqida ham muntazam ochiq axborot berib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning 3-fevral kuni yoʻl qoʻygan kamchiliklari va masʼuliyatsizligi uchun fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudining sudyalari A. Baxromov va H. Saidov, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi F. Murodov, jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudi sudyasi Sh. Amirov, jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudining sudyasi A. Jabborov, fuqarolik ishlari boʻyicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi Sh. Abdыjemilova, jinoyat ishlari boʻyicha Nukus shahar sudining sudyalari I. Kalniyazov va M. Bekimbetov, fuqarolik ishlari boʻyicha Ohangaron tumanlararo sudining sudyasi D. Shomatova, fuqarolik ishlari boʻyicha Quyi Chirchiq tumanlararo sudining sudyasi J. Bobonazarov intizomiy javobgarlikka tortildi.
Sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslardir. Shu bois barcha sudya bir xil maqomga ega. Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga qaratilgani bois sudyaning zimmasidagi masʼuliyat katta.
Oʻz navbatida, sudyaning maqomi hamda masʼuliyatidan kelib chiqib, ularning ijtimoiy muhofazasi kuchaytirildi, faoliyati haqli eʼtirofga munosiblari ragʻbatlantirib kelinmoqda. Kuni kecha yuqorida qayd etilgan Farmonga asosan tizim tarixida birinchi marta joriy etilgan “Ibratli sudya” mukofotining ilk 16 nafar sohiblari aniqlanib, tantanali ravishda topshirilgani fikrimizga dadildir.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring