Sirdaryoda OAV xodimlariga oʻzbekona tuhfa topshirildi

23:13 27 Iyun 2021 Jamiyat
1279 0

Sirdaryoda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan  tantana kutilmagan, ammo hammaga koʻtarinki kayfiyat baxsh etuvchi milliy qadriyatimizning bir namunasi bilan boshlandi. Tadbirga kelgan barcha jurnalistlarga  doʻppi tuhfa qilindi.  

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev sirdaryolik matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan muborakbod etib, jumladan , shunday dedi:

- Muhtaram Prezidentimizning bugungi sana munosabati bilan yoʻllagan tabrigida “Doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim oʻzgarishlar, ustuvor gʻoya va tashabbuslarning maʼno-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan siz, azizlarga mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan beqiyos hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman”, deya alohida taʼkidlab oʻtganlari bejiz emas. Chunki dunyoning qaysi burchagida yashashidan qatʼiy nazar, ommaviy axborot vositalari xodimiga talab bitta, u ham boʻlsa – xolislik va haqqoniylik.Bayram avvalida milliy bosh kiyimimizni sovgʻa qilishimizda ham ramziy maʼno bor. Zero, bunda boshingiz omon boʻlsin degan tilak  mujassam. Milliy urf-odat va anʼanalarimiz , libosimiz bilan faxrlanib, gʻururga toʻlib axborot makonida yurtimizning nomi, shaʼnini doim yuqori koʻtarib yuringlar,  aziz jurnalistlar, blogerlar!!! 

Barcha tuman-shahar hokimliklarining axborot xizmatlari rahbarlariga zamonaviy noutbuklar sovgʻa qilindi. Mehnat faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng ommaga targʻib qilishda oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan faol jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining bir guruhiga viloyat hokimining Faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bayram kuni yana bir xayrli ish amalga oshirildi.Viloyat hokimligi masʼul xodimlari, tuman - shahar hokimlari soha  faxriylari holidan xabar oldi. Xususan, Guliston shahar hokimi Toʻlqin Dadaboyev Abdujalil Umarov,  Raisa Abiyatova,  Ortiqboy Sultonov va boshqalarni  kasb  bayramlari bilan samimiy tabriklab, sovgʻalar topshirdi.Yangiyer shahri hokimi Ilyorjon Xoʻjayev faxriy telejurnalist Tohir Samiyev, AOKAning viloyat boshqarmasi boshligʻi Aziz Esonov  uzoq yillardan buyon bosma OAVda fidokorona mehnat qilib kelayotgan Bozorboy Bekmurodovga ana shunday izzat- hurmat koʻrsatishdi.

Ahmadali SHERNAZAROV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер