Nahot bugungacha yashagan sanʼat 4 ta odamni deb haromga chiqib qolsa... — Nazarbekov dinni pesh qilib sanʼatni tark etayotganlar haqida

15:45 24 May 2021 Madaniyat
12660 0

“Toshkent besh tashabbus” harakati doirasida hukumat vakillari, vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik faollari, bloger va jurnalistlar muloqotlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.

Tadbirda qatnashayotgan “Xalq soʻzi” muxbiri Inobat AHATOVA xabar berishicha, bugun Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan yoshlarning ochiq muloqoti oʻtkazildi.

Muloqotda muxbirimiz Ozodbek Nazarbekovdan oxirgi vaqtlarda koʻplab sanʼatkorlarning dinni pesh qilib sohani tark etayotgani hamda ularning sanʼatni harom deb atayotgani haqida fikrini soʻradi.

«Dinni yaxshi bilmasdan turib, dinni yaxshi tushunmasdan turib, jamoat oldiga chiqib, xalq oldiga chiqib, minbardan turib dindan gapirish uchun, kechirasizu meni nazarimda, kamida 25 yillik bilim olgan boʻlish kerak. 25 yillik, kamida, eng kamida...

Yetarli darajada bilim olib, undan keyin din nomidan gapirish menimcha sal yarashadi. Lekin oʻzi kuni kecha umuman boshqa hayot tarzini boshidan kechirib turgan odam bir kunda sahnaga chiqib dindan gapirishi gʻalatiroq menimcha. Lekin, albatta, har bir insonni eʼtiqodiga aralashishga hech kimni haqqi yoʻq. Nima boʻlgan taqdirda ham oʻzi eʼtiqod qilayotgan tushunchani hammaga qabul qildirishga urinish ham sal notoʻgʻriroq narsa.

Endi bu sanʼatimizni harom deyish uchun, buni toʻgʻri yoki notoʻgʻri gap ekanligini ajratib olish uchun juda katta aql shart emas. Sababi, agar shu daraja musiqa yoki sanʼat dinimizda harom boʻlganida bugungacha yetib kelmas edi. Amir Temurni oʻzi qirib yuborardi.

Bizda diniy bilim ufurgan bir davrda sanʼat qolmagan boʻlardi. Oʻzbekistonni sanʼati yoʻq boʻlib ketgan boʻlardi. Musiqa sanʼati mutlaq bugun bizgacha kelmas edi. Chunki biz yaxshi bilamiz dinni dunyoga oʻrgatgan davrimiz boʻlgan, nafaqat bu boshqa yoʻnalishlarda ham. Dindan kerak boʻlsa arablarga oʻrgatgan davrimiz boʻlgan. Nahot oʻsha paytlarda yashagan sanʼat, musiqa bugun haromga chiqib qolsa, 4 ta odamni deb. Bu oʻsha qaysidir maʼnoda dinni yaxshi tushunmaslik, hovliqmalikdan.

Eʼtiqod, iymonda inson bir gavhar topgandek oʻzini tutolmay qoladi. Shu paytda sal ustozlar bilan maslahatlashib ish koʻrgan toʻgʻri boʻladi menimcha», deydi vazir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?