Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati yanada oshadi

12:34 16 May 2021 Jamiyat
3009 0

Yurtimizda keyingi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar ham izchil davom ettirilmoqda. Aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan Prezidentning bir qator hujjatlari qabul qilindi. Jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish yuzasidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, aholiga qulay boʻlgan “Elektron poliklinika” tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, Sirdaryo viloyatida Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yoʻnalishlari boʻyicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlarni tuzish yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoni sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Farmon bilan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yana-da sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa, yana qoʻshimcha 10 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022-yil 1-yanvardan boshlab, yana qoʻshimcha 10 foizi 2023-yil 1-yanvardan boshlab toʻlov asosida tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga taʼminlanadigan koykalar fondiga oʻtkazilmoqda. Albatta, biz bugungi kunda sifatli tibbiy xizmat tizimini yoʻlga qoʻyishni istar ekanmiz birinchi navbatda tizimni eng soʻnggi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashimiz buning uchun esa byudjetdan ajratilayotgan mablagʻ hajmini koʻpaytirishimiz darkor.

Mazkur hujjat bilan shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasini ikki baravarga oshirish, hududga zarur boʻlgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant ajratish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Mazkur grant asosida taʼlim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi. Hududga faoliyat yuritish uchun yuborilgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarning yashash xarajatlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab esa, hamshiralik ishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritilmoqda. Hamshiralar uchun yaratilgan bunday qulaylik ular faoliyatini amalga oshirishi uchun bir qator majburiyatlar ham yuklamoqda. Xususan, hamshiralik ishi faoliyatini faqat oʻrta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022-yil 1-yanvardan boshlab roʻyxatdan oʻtgan shaxslargina amalga oshiradi. Hamshiralik ishi faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda oʻz malakasini oshirib borishi zarur.

Shu bilan birga, Sogʻliqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi tashkil etilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Farmon bilan aholiga kafolatli tibbiy xizmat koʻrsatish, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish borasida bir qator tizimli chora-tadbirlar belgilab berilmoqda. Galdagi vazifa esa, biz xalq vakillari mazkur ishlarning oʻz vaqtida tizimli amalga oshirilishini nazorat qilishdan iboratdir.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?