Botir Zaripov senator boʻldi

15:37 04 Fevral 2021 Siyosat
900 0

Buxoro viloyati, tuman va shahar kengashlari deputatlarining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Unda boʻshab qolgan oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash masalasi koʻrib chiqildi.

Qoʻshma majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov ochib, yigʻilganlarni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarini saylash toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tanishtirdi.

Qoʻshma majlisga 15-“Losha” saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov raislik qildi.

Majlisda ishchi hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish boʻyicha maslahat kengashi, majlis kotibiyati, sanoq komissiyasi aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylab olindi.

U oʻz chiqishida 51-“Xalqobod” saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, viloyat hokimi Botir Zaripov nomzodi Oliy Majlis Senati aʼzoligiga tavsiya qilinganini aytdi.

Qatnashchilar Senat aʼzoligiga nomzodning tarjimayi holi va mehnat faoliyati bilan tanishtirildi.

59-“Chandir”, 36-«Zandani», 49-«Gʻovshun», 24-“Romitan” saylov okruglaridan viloyat kengashining deputatlari Sayitquli Oqqiyev, Sanam Jumayeva, Abdulla Narzullayev, Marhabo Pardayevalar soʻzga chiqib, Oliy Majlis Senati aʼzoligiga tavsiya etilgan Botir Zaripovning nomzodini qoʻllab-quvvatladilar. Ochiqlik, oshkoralik bilan oʻtgan muhokama davomida deputatlar nomzodning faoliyati, hayot tajribasi, ishchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik fazilatlari toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan soʻng yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash boʻyicha saylov oʻtkazildi.

Buxoro viloyati, tuman va shahar kengashlari deputatlarining yakdil ovozi bilan Botir Zaripov Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?