Shuhrat Gʻaniyev: Viloyatda pandemik vaziyat barqaror

18:35 20 Iyul 2020 Jamiyat
1201 0

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev viloyatda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq holat yuzasidan brifing oʻtkazdi. Unda virusning tarqalishini oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar xususida axborot berildi.

– Viloyatimizda bugungi kunda 21 ta koronavirusni yuqtirib olgan fuqarolar shifoxonada davolanmoqda, – dedi viloyat rahbari. – Bulardan 6 nafari Soʻx tuman yuqumli kasalliklar, qolgani esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishda boʻlib turibdi. Tibbiyot xodimlarining xulosasiga koʻra, bemorlardan 4 nafarining ahvoli ogʻir, qolganlarining holati esa qoniqarli. Bugungi kunda 1 ming 138 ta xonadonlardagi 1 ming 651 nafar fuqarolar karantin kuzatuviga olingan.

Viloyatimizda 304 ta tez tibbiy yordam avtomashinalari aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. 4 ta shahar va 15 ta tumanlarimizga 46 ta reanomobil guruhlari biriktirib berilgan. Pandemiya davrida viloyatda kasallikni aholi orasida oldini olish, ushbu infeksiya bilan kasallangan, lekin alomatsiz kechayotgan bemorlarni uy sharoitida davolanishini nazorat qilish va ularga koʻmak berish maqsadida malakali shifokorlardan iborat 137 ta tibbiy guruhlar tashkil etilgan.

Hozirda muhim masalalardan biri koronavirusni tashxislashga alohida eʼtibor berilyapti. Kasallikni bor yoki yoʻqligini aniqlash maqsadida viloyatimizda 7 ta laboratoriyalar faoliyat koʻrsatmoqda. 15-iyuldan boshlab, 5 ta xususiy klinikalarda ham tahlillar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Albatta, bugungi kunda Covid-19 ni davolash jarayoni qanday kechayotgani haqida menga ijtimoiy tarmoqlar orqali turli savollar tushmoqda. 2-sonli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dori-darmon zaxirasi yetarli miqdorda bor. Bemorlarga yuqori malakali shifokorlar xizmat koʻrsatyapti. Viloyatimizda koronavirusga qarshi kurashish maqsadida tibbiyot maskanlarida 2 ming 791 ta oʻrin-joy tayyorlab qoʻyilgan. Joriy yilning 1-avgustiga qadar yana qoʻshimcha 9 ming 600 ta zaxira joylari tayyorlanyapti.

Viloyatimizda bugungi kunda 1 ming 224 ta dorixonalar faoliyat olib boryapti. Ularning 229 tasi ijtimoiy, 13 tasi koʻchma va 47 ta dori-darmonlarni oʻzida ishlab chiqaruvchi dorixonalardir. Mazkur dorixonalarda infeksiyaga qarshi 61 xil turdagi dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida viloyatimizda uch oylik dori-darmonlarning zaxirasini yaratish uchun 10 milliard soʻmlikdan ortiq mablagʻlar ajratib berildi. Dorilarning eng kerakli va sifatlisiga alohida eʼtibor qaratildi va bu borada hech qanday muammo boʻlmaydi.

Pandemiya davrida narx-navoni asossiz oʻsib ketishini oldini olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat, shahar va tuman prokuraturasi masʼul xodimlari tomonidan kundalik nazorat-tahlil ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Yashirmayman, keyingi ikki oyda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining narxini asossiz oshirib yuborgan 221 ta tadbirkorlar tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlandi va tegishli choralar koʻrildi.

Pandemiya davrida ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga yordam koʻrsatish doimiy eʼtiborda. Viloyatimizda bugungi kunga qadar 47 mingta xonadonga manzilli koʻmak koʻrsatildi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali tushgan mablagʻlar hisobidan barcha shahar va tumanlardagi 59 mingta oilaga bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Ushbu yordamlar har kuni davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda viloyatimizda Covid-19 boʻyicha vaziyat barqaror. Aholi oʻrtasida infeksiyani oldini olish, karantin talablariga amal qilish borasida uzluksiz tushuntirish ishlari olib borilyapti. Bu borada hech qanday xavotirga asos yoʻq.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер