“Har ikki tomon yetarlicha tayyorgarlik koʻrmagan” — Budapeshtda oʻtishi kutilayotgan Putin — Tramp sammitiga tayyorgarlik toʻxtatildi

14:02 22 Oktyabr 2025 Dunyo
306 0

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Trampning Budapeshtdagi uchrashuviga tayyorgarlik toʻxtatilgan. Bu haqda “NBC News” jurnalisti Garret Haake Oq uyning yuqori martabali mulozimiga tayangan holda maʼlum qildi.

Haakening aniqlik kiritishicha, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov oʻrtasida uchrashuv oldidan telefon orqali muloqot boʻlib oʻtgan. Jurnalistning soʻzlariga koʻra, ularning suhbati “samarali” boʻlgan, biroq Tramp hozirgi bosqichda “har ikki tomon ham muzokaralarga yetarlicha tayyor emasligini” his qilgan.

“Budapeshtda boʻlib oʻtadigan Tramp — Putin sammitini rejalashtirish hozircha toʻxtab qolgan” — deydi Garret Haake.

“Axios” portali, shuningdek, AQSH rasmiylariga tayanib, Putin va Tramp yaqin kelajakda uchrashishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berdi. Shuningdek, CNN telekanali Rossiya va AQSH rahbarlarining uchrashuvi qoldirilishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Sammit toʻxtatilishining ehtimoliy sababi maʼlum

Rossiya va AQSH yetakchilarining uchrashuviga tayyorgarlik Moskvaning Ukrainada zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishdan bosh tortgani sababli bekor qilingan boʻlishi mumkin, deya xabar bermoqda “Reuters” agentligi diplomatlarga tayanib. Shu bilan birga, manba uchrashuvni bekor qilish haqida rasman maʼlumot berilmaganini ham qayd etdi.

“Ikkala tomon ham Tramp va Putin oʻrtasidagi uchrashuvni tashkil etish rejalaridan ochiqchasiga voz kechgani yoʻq va Vengriyada sammit tashkil etish harakatlari davom etayotganga oʻxshaydi”, — deyiladi “Reuters” xabarida.

Biroq, maqola mualliflariga koʻra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio uchrashuvining keyinga qoldirilgani, agar Moskva biroz yon bosmasa, AQSH Putin — Tramp sammitiga mezbonlik qilishga tayyor emasligidan dalolat berishi mumkin. CNN maʼlumotlariga koʻra, Davlat departamenti Moskvaning Ukraina mojarosiga barham berish boʻyicha pozitsiyasida hech qanday oʻzgarish sezmagan va shu bois Rubio Trampga Budapeshtga borishni tavsiya etmasa kerak.

Rossiyaning izohi qanday?

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Gʻarb manbalarining Putin — Tramp uchrashuvining goʻyoki keyinga surilgani haqidagi xabarlaridan hayratda qolganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb OAV oʻzining vijdonsizligi bilan mashhur.

“CNN ham bu bilan mashhur…”, — deydi Sergey Lavrov.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, oʻz navbatida, sammitning aniq sanalari belgilanmaganini eslatdi.

“Prezident Tramp ham, Putin ham aniq sanani eʼlon qilishmadi”, — deydi Peskov.

Uning taʼkidlashicha, bunday darajadagi uchrashuvni tashkil etish jiddiy tayyorgarlikni va vaqtni talab qiladi.

Putin va Tramp 16-oktyabr kuni telefon orqali muloqot oʻtkazgan va shundan soʻng ular yangi uchrashuvga kelishib olgan. Ikki soatlik suhbatdan soʻng AQSH rahbari shu hafta Budapeshtda uchrashuv oʻtkazilishini eʼlon qildi va rossiyalik hamkasbi sammitni Vengriyada oʻtkazish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi.

Shu yilning 20-oktyabr kuni Lavrov Rubio bilan telefon orqali muloqot qilgan. Ular muloqotda Rossiya va AQSH prezidentlarining Budapeshtda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish variantlarini ham muhokama qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?