Xorijiy til boʻyicha ishga qabul qilishda hamda ustama belgilashda qoʻllaniladigan sertifikatlarning roʻyxati yangilandi

12:12 13 Oktyabr 2025 Jamiyat
218 0

Xorijiy til boʻyicha ishga qabul qilishda hamda ustama belgilashda qoʻllaniladigan sertifikatlarning roʻyxati yangilandi. Bu haqida “Taʼlim nazorati” Telegram-kanali xabar berdi. Unda aytilishicha, taʼlim vazirliklarining 2025-yil 6-oktyabrdagi qarori (roʻyxat raqami 3515-1) bilan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tizimiga xorijiy til boʻyicha ishga qabul qilishda hamda maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritilgan.

Undagi asosiy oʻzgarishlar shundan iboratki, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim uchun alohida, oliy taʼlim tizimi uchun alohida roʻyxat belgilangan.

Jumladan, “Test of English as a Foreign Language (TOEFL iTP)” xalqaro sertifikati asosiy sertifikatlar roʻyxatidan chiqarildi. “International Test of English Proficiency iTEP Academic — Plus (B2-C2)”, “Aptis ESOL for Teachers (B2-C1)” sertifikatlari esa qoʻshilgan.

Ingliz tili doirasida “Cambridge Assessment English (KET, PET, FCE, CAE, CPE)” sertifikati nomi “Cambridge English Qualifications (B2-C2)” deb oʻzgartirilgan.

Shuningdek, nemis tilidan “TELC (Deustch B2-C2)” sertifikati ham qabul qilinadigan boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglardan “Teaching Knowledge Test (TKT)”, “Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL)”, “Teaching English as a Foreign Language (TEFL)”, “Teaching English as a Second Language (TESL)” sertifikatlari “Common European Framework of Reference (CEFR)” tizimining B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikat bilan birgalikda qabul qilinadi va ularga ustama belgilangan tartibda toʻlanadi.

Barcha “Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL)”, “Teaching English as a Foreign Language (TEFL)”, “Teaching English as a Second Language (TESL)” sertifikatlari oʻqituvchi (trener) bilan kamida 100 kontakt soat shugʻullanishi va kamida 40 soatlik oʻqituvchi-pedagogik amaliyotini qamrab olishi, bunda amaliyot qismi instruktor tomonidan kuzatilib baholanishi shart.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?