“Osiyoning XX asrdagi eng kuchli jamoasi”. “Al-Hilol” haqida nimalar maʼlum?

15:41 29 Sentyabr 2025 Sport
278 0

Bugun, 29-sentyabr kuni “Nasaf” klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi 2-turi doirasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasini qabul qiladi.

Quyida ushbu jamoa haqida atroflicha maʼlumot beramiz:

“Al-Hilol” klubi 68-yillik tarixga ega, u 1957-yil 16-oktyabrda tashkil etilgan.

Jamoaga muxlislar tomonidan “Al-Zaʼim” (boshliqlar), “Blue Whales” (koʻk toʻlqinlar) va “Blue Power” (koʻk qudrat) kabi laqablar berilgan. Shuningdek, Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) 2009-yilda “Al-Hilol”ni Osiyoning XX asrdagi eng kuchli klubi deb eʼtirof etgan.

“Al-Hilol” oʻz uy uchrashuvlarini Er-Riyod shahrida joylashgan “Kingdom Arena”da oʻtkazadi. Ushbu maydon 26 mingdan ortiq muxlisni sigʻdira oladi.

Jamoa Saudiya Arabistoni professional ligasining 19 karra chempioni, 11 karra Qirol kubogi sohibi va 4 karra Osiyo Chempionlar Ligasi gʻolibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa 13-marta Valiaxd Shohzoda kubogi, 7-marta Federatsiya kubogi, 5-marta Saudiya Superkubogi, 2-marta Osiyo Kubok Egalari kubogi va 2-marta Osiyo Superkubogini qoʻlga kiritgan.

Jamoa shu vaqtgacha Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalarda 243 ta oʻyin oʻtkazgan. Shundan 137 tasi gʻalaba, 49 tasi magʻlubiyat, 57 tasi esa durang natija bilan yakunlangan.

“Al-Hilol” hozirgacha oʻzbek klublari bilan 24-marta toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyinlarda qayd etilgan natijalar:

“Al-Hilol” 3:1 “Navbahor” (1998);

“Al-Hilol” 5:0 “Mashʼal” (2006);

“Mashʼal” 2:1 “Al-Hilol” (2006);

“Paxtakor” 0:2 “Al-Hilol” (2007);

“Al-Hilol” 2:0 “Paxtakor” (2007);

“Paxtakor” 1:1 “Al-Hilol” (2009);

“Al-Hilol” 2:0 “Paxtakor” (2009);

“Al-Hilol” 3:0 “Bunyodkor” (2010);

“Bunyodkor” 0:1 “Al-Hilol” (2014);

“Al-Hilol” 3:0 “Bunyodkor” (2014);

“Al-Hilol” 3:1 “Lokomotiv” (2015);

“Lokomotiv” 1:2 “Al-Hilol” (2015);

“Paxtakor” 2:2 “Al-Hilol” (2016);

“Al-Hilol” 4:1 “Paxtakor” (2016);

“Al-Hilol” 0:0 “Lokomotiv” (2016);

“Lokomotiv” 2:1 “Al-Hilol” (2016);

“Paxtakor” 1:2 “Al-Hilol” (2020);

“Al-Hilol” 0:0 “Paxtakor” (2020);

“Al-Hilol” 2:2 OKMK (2021);

OKMK 0:3 “Al-Hilol” (2021);

“Al-Hilol” 1:1 “Navbahor” (2023);

“Navbahor” 0:2 “Al-Hilol” (2023);

“Paxtakor” 1:0 “Al-Hilol” (2025);

“Al-Hilol” 4:0 “Paxtakor” (2025).

Jamoani hozirgi vaqtda 49 yoshli italiyalik mutaxassis Simone Inzagi boshqarmoqda. Uning Italiyaning “Latsio” va “Inter” klublaridagi faoliyati koʻpchilikka tanish. Inzagi 2025-yil 4-iyundan beri “Al-Hilol”da bosh murabbiy sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.

“Al-Hilol” tarkibida hozirgi paytda quyidagi nomdor va mahoratli futbolchilar toʻp surmoqda:

Yasin Buno — Marokashlik darvozabon. U 2022-yilgi Jahon chempionatida Marokashni yarim finalga olib chiqib, butun dunyoni hayratda qoldirdi. Buno avval “Sevilya” safida UEFA Yevropa ligasida gʻolib boʻlgan va penaltilar seriyasi qahramonlik koʻrsatgan. U nafaqat futbolchi, balki musiqa havaskori hamdir.

Kalidu Kulibali — “Chelsi”ning sobiq himoyachisi. Senegal terma jamoasi aʼzosi, jismonan kuchli va aql bilan oʻynaydigan, “devor” tipli himoyachi sifatida tanilgan. Shuningdek u “Napoli”da ham oʻynagan va aynan oʻsha yerdagi faoliyati uni afsonaviy oʻyinchilar qatoriga kiritgan. Kulibali 2023-yilda “Al-Hilol”ga oʻtdi va Saudiya Pro Ligasiga qoʻshildi.

Teo Ernandes — tezligi bilan mashhur qanot himoyachisi. 2022-yilgi Jahon chempionatida Fransiya terma jamoasi bilan finalgacha yetib borgan. “Milan” safida u muxlislarning sevimli oʻyinchilari qatoriga kirib, koʻplab gol va asistlari bilan jamoaga hissa qoʻshgan.

Joau Kanselu — “Manchester Siti”ning sobiq futbolchisi. Kuchli texnika sohibi, har ikki qanotda ham bemalol oʻynay oladigan zamonaviy universal himoyachi. Pep Gvardiola uni “taktik qurol” deb atagan va hujumni boshlovchi himoyachi sifatida foydalangan. Qisqa vaqt ichida “Manchester Siti”, “Bavariya” va “Barselona” kabi top klublarda toʻp surib, yuqori darajada tajriba orttirgan.

Darvin Nunyes — “Liverpul”ning sobiq hujumchisi. Urugvaylik toʻpurar maydonda ehtirosli va baʼzan “nazoratdan chiqadigan” futbolchi sifatida tanilgan. “Benfika” safida yorqin oʻyin koʻrsatib, 2022-yilda rekord narxda “Liverpul”ga transfer qilingan. Uning energiyasi, kurashuvchanligi va golni sezish qobiliyati doimo muxlislar diqqat markazida boʻlib kelgan.

Ruben Nevesh — “Vulverxempton”ning sobiq futbolchisi. Portugaliyalik oʻyinni boshqaruvchi yarim himoyachi. Oʻyin ritmi va pas uzatish boʻyicha ajralib turadi. “Al-Hilol”da yetakchi uzatma beruvchilardan biri. Oʻz jamoasida hujum va himoyani bogʻlovchi “oʻyin ritmining kaliti” vazifasini bajaradi — oʻyin boshidan oxirigacha asosiy rol oʻynashi bilan ahamiyatli.

Eslatib oʻtamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 2-turidan oʻrin olgan “Nasaf” – “Al-Hilol” bahsi bugun soat 18:45 da start oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер