Har bir tumanda bogʻcha qamrovi 80 foizdan kam boʻlmasligi belgilandi

14:24 09 Sentyabr 2025 Siyosat
134 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bogʻcha ochish uchun imtiyozlar eʼlon qilingani, ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bogʻcha oʻrinlarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bogʻcha va maktab oʻrni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani oʻrganish topshirildi.

Umuman, har bir tumanda bogʻcha qamrovi 80 foizdan kam boʻlmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga boʻsh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bogʻchada boʻsh joy boʻlsa, bogʻcha qurish rejasini belgilash vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga boʻsh yerlarda bogʻcha tashkil etish boʻyicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan uch yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bogʻchalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.

Bir yilda 2 mingta koʻp qavatli uy qurilmoqda, ularning toʻrtdan biri – “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida.

Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 oʻrinli xususiy bogʻcha ochish boʻyicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor.

Buni barcha tuman va shahar hokimlari oʻz hududida qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Endilikda ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga ham berilishi belgilandi.

Mutasaddilarga yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarda bogʻcha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?