“Yosh “oq boʻrilar” Osiyoda tengsiz ekanligini isbotladi”: Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining chempionligi xorij nashrlari nigohida

Kecha, 20-aprel kuni Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi finalida musobaqa mezboni hisoblangan Saudiya Arabistoni terma jamoasi ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozonib, turnir chempionligini qoʻlga kiritdi. Ahamiyatlisi shundaki, final bahsida ikki kishi kam boʻlib qolgan futbolchilarimiz iroda namoyish etib, kubok sohibiga aylanishdi.
Bir qancha xorij nashrlari terma jamoamizning nafaqat final, balki butun turnir davomidagi oʻyinlarini ijobiy fikrlar bilan yoritib bordi.
Jumladan, FIFA oʻzining rasmiy saytida Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining Osiyo chempionligini qoʻlga kiritganligi haqida yozdi.
“OFK U-17 Osiyo Kubogi juda dramatik tarzda yakunlandi. 9 nafar futbolchi bilan qolgan Oʻzbekiston Saudiya Arabistonini magʻlub etib, ikkinchi marta qitʼa chempioniga aylandi. Ajablanarlisi shundaki, yosh «oq boʻrilar” jamoasi birinchi boʻlim oxirida ikkita qizil kartochka sabab 9 kishi boʻlib qoldi. Ammo bu holat jamoaning ruhini sindira olmadi hamda yakunda chempionlikka erishdi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi sakkiz qitʼa chempionatining yettisida kamida chorak finalga chiqqan va 2023-yilda Indoneziyada oʻtkazilgan U-17 Jahon chempionatida ham shunday natija qayd etgan edi», — deyiladi FIFA rasmiy saytida eʼlon qilingan xabarda.
Shuningdek, Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa ham Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining Osiyo kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritgani munosabati bilan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov nomiga tabrik yoʻlladi.
«Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan 17 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritganingiz bilan sizni va Oʻzbekiston futbol oilasini chin qalbimdan tabriklashdan mamnunman. Oʻzbekistonning musobaqa davomida koʻrsatgan ajoyib oʻyinlari yurtingizda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish yoʻlida amalga oshirilgan mehnat va saʼy-harakatlaridan dalolatdir.
Bosh murabbiy Islom Ismoilov va butun jamoaga turnir davomida namoyish etgan yorqin oʻyinlari uchun minnatdorchilik bildiraman va FIFA U-17 Jahon chempionatida ham muvaffaqiyat tilayman. Oʻzbekiston futbol jamoatchiligiga esa kelgusi faoliyatida zafarlar tilayman», — deyiladi OFK prezidentining tabrigida.
MDH davlatlarining sport sohasidagi yangiliklarini yoritib boruvchi “Sports.tj” nashri oʻzining “Facebook”dagi sahifasida jamoamiz futbolchilarining xursandchiligi aks etgan videolavhani ulashdi.
“Maydondagi qancha qiyinchilik hamda omadsizliklarga qaramay, Oʻzbek futbolchilari gʻalabani tortib olishdi. Oʻzbekistonlik yosh futbolchilar chempionlikni munosib ravishda nishonlashlari kerak”, — deyiladi xabarda.
Saudiya Arabistonining “Arab News” nashri final bahsida oʻzbekistonlik futbolchilarning ikki kishi kam boʻlib ham gʻalabaga erishgani haqida xabar eʼlon qildi.
«Yakshanba kuni U-17 Osiyo Kubogi finalida Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonga 2:0 hisobida magʻlub boʻldi. Birinchi boʻlimda gʻoliblar safida ikki futbolchi qizil kartochka oldi. Yigitlar iroda namoyish etib, kutilmagan tarzda ikkinchi boʻlimda ikkita gol urishga muvaffaq boʻldi hamda 2012-yildagi kabi, ikkinchi bora qitʼa birinchiligida gʻolib boʻlishdi.
Chorak finalda Yaponiyani, yarim finalda Janubiy Koreyani ortda qoldirgan mezbonlar uchun haqiqiy sinov final bahsida sodir boʻldi. Balki mezbon futbolchilar qiyin jamoalarga qarshi oʻynagani uchun biroz charchoq boʻlgandir. Bu unchalik muhim emasdi, chunki birinchi boʻlim tugashi arafasida Oʻzbekiston terma jamoasining ikki futbolchisi maydondan chetlatilgandi. Bu holat mezbonlar uchun qulay imkoniyat yaratgandi.
Tanaffus vaqtida Saudiya Arabistoni futbolchilari gʻalabaga erishadigandek tuyildi. Ikkinchi boʻlim aql bovar qilmaydigan darajada start oldi. Oʻzbekistonliklar boʻlim boshidanoq hujumga oʻtib, qiyin vaziyatdan chiqish uchun imkoniyatlar yarata olishdi.
Saudiya Arabistoni oʻyinga qaytish uchun hamma narsani oldinga tashladi, ammo yakunda Oʻzbekistonning ishonchli himoyasidan oʻtish yoʻlini topa olmadi. Mezbonlar uchun imkoniyat bor, chunki ular shu yil oxirida Qatarda boʻlib oʻtadigan U-17 Jahon chempionatida ishtirok etadi», — deyiladi “Arab News” nashri xabarida.
Qozogʻistonning “Nur.kz” nashri ham Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki haqida xabar chop etdi.
“Oʻzbekistonlik yosh futbolchilar boshqa tengdosh raqiblaridan ustun ekanligini isbotlashdi. Birinchi boʻlimdayoq ikki kishi kam boʻlib qolgan terma jamoa vakillari ikkinchi boʻlimda umuman oʻzgacha oʻyin namoyish etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixida ikkinchi marta oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogini qoʻlga kiritdi”, — deb yozgan nashr.
Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv hamda chempionlik xususida oʻz fikrlarini bildirdi.
«Avvalo, Oʻzbekiston xalqiga gʻalaba muborak boʻlsin. Bu gʻalaba zamirida juda koʻpchilikning mehnati yotibdi. Soʻnggi yillarda yurtboshimiz sportga, ayniqsa futbolga alohida eʼtibor qaratmoqda. Buning uchun tashakkur aytamiz. Shuningdek, OʻFA rahbariyati, Xalqaro aloqalar va Terma jamoalar boʻlimi hamda bizning jamoamiz uchun mehnati singgan har bir insonga minnatdorlik bildiramiz. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan shu kunga qadar biz uchun juda koʻplab yigʻinlar tashkil etildi, xalqaro turnirlarda ishtirok etishimiz uchun sharoit yaratib berildi.
Vatanimiz doimo qahramonlar, mard insonlar yurti boʻlgan. Buni futbolchilarimiz yana bir bor maydonda koʻrsatib berishdi. Fantastik oʻyin boʻldi, bu jasorat, matonat namunasi. Yigitlarga rahmat aytaman, ular imkonsiz vazifani bajarishdi. Hissiyotlarimizni soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Oldimizda yanada muhim turnir bizni kutmoqda. Jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilamiz», — deydi mutaxassis.
Islom Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi turnirning guruh bosqichida dastlab Tailandni 4:1 hisobida magʻlub etgan, ikkinchi turda esa Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali gʻalabaga erishib, guruh bosqichi va jahon chempionati yoʻllanmasini hal qilgan edi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilik uchun oʻtkazilgan oʻyinda ham 3:0 hisobida gʻolib boʻlgan. Pley-off bosqichida esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta toʻp kiritildi.
Terma jamoamiz turnirning guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunlagan hamda joriy yilning 3–27-noyabr kunlari oʻtkaziladigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi. Qatar yashil maydonlarida oʻtkaziladigan Jahon chempionatida Indoneziya, Yaponiya, KXDR, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Birlashgan Arab Amirliklari hamda mezbon Qatar terma jamoasi Osiyo qitʼasi sharafini himoya qiladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston yoshlar futboli soʻnggi 11-yil mobaynida qator yutuqlarga erishdi.
2014-2025-yillarda U-17, U-20 va U-23 toifalarida 5-martadan Osiyo chempionatlari oʻtkazildi. Bu davrda har bir yosh toifasidagi terma jamoamiz bir martadan chempionlikni qoʻlga kiritdi.
- Oʻzbekiston U-17: 4 ta ishtirok, 2 chorak final, 1 yarim final va 1 chempionlik;
- Oʻzbekiston U-20: 4 ta ishtirok, 2 chorak final, 1 yarim final va 1 chempionlik;
- Oʻzbekiston U-23: 5 ta ishtirok, 1-marta guruh bosqichi, 1 yarim final, 2 final va 1 chempionlikni rasmiylashtirishgan.
Otabek SAIDAHMADOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring