Navoiyda noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 6,3 mlrd zarar yetkazdi

08:08 01 Oktyabr 2024 Jamiyat
345 0

Foto: Videodan kadr

Navoiyda noqonuniy baliq ovlagan shaxslar tabiatga 6,3 mlrd zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda navbatdagi nazorat reyd tadbiri oʻtkazilgan.

Navbahor tumani Qorovultepa MFY hududidan oqib oʻtuvchi Zarafshon daryosida soat tonggi 04:30 da oʻtkazilgan reyd davomida Qiziltepa tumani Toshrabot qishlogʻida yashovchi fuqarolar Gʻ.Sh., O.M. va A.Z. Zarafshon daryosidan elektr qarmoq yordamida baliq ovlashgani aniqlangan.

Unga koʻra, huquqbuzarlar jami 26 ta tovon, 8 ta oq amur, 6 ta doʻngpeshona, 32 ta zogʻora, 32 ta laqqa, 249 ta Samarqand loyxoʻragi hamda 46 ta Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston moʻylovdori baliqlarini ovlagan. Natijada tabiatga 6 milliard 324 mln soʻm zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 4-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora koʻrish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?