“Zukkolar va landavurlar” nazariyasi oʻzbek futbolida

18:03 01 Fevral 2026 Sport
520 0

Foto: OʻFA

Kanadalik yozuvchi va jurnalist Malkolm Gladvellni koʻpchilik tanisa kerak. U oʻzining “Zukkolar va landavurlar” kitobida sportchilarning rivojlanishiga taʼsir qiladigan muhim omillardan biri sifatida nisbiy yosh effektini tushuntiradi. Bolalar sportida yosh toifalari odatda bitta aniq sana asosida belgilanadi. Masalan, 1-yanvar. Bir guruh ichida yil boshida tugʻilgan bolalar yil oxirida tugʻilgan tengdoshlariga nisbatan bir necha oyga katta boʻladi. Bolalik davrida bu oylar jismoniy va ruhiy rivojlanishda sezilarli farq keltirib chiqaradi.

Gladvellning taʼkidlashicha, yilning dastlabki 6 oyligida tugʻilgan bolalar sport muhitida tezroq ajralib chiqadi. Ular kuchliroq, tezroq va ishonchliroq harakat qilgani uchun jamoalarga tanlab olish jarayonida maʼlum ustunlikka ega boʻladi. Tabiiyki, bunday bolalar kuchli jamoalar bilan birga ishlaydi, koʻproq mashgʻulot qiladi va professional murabbiylar bilan faoliyat olib boradi. Vaqt oʻtishi bilan dastlabki kichik ustunlik katta tajriba va mahoratga aylanib boradi.

Kitobda bunga misol sifatida Kanada xokkey tizimi keltiriladi. Gladvell professional xokkeychilarning tugʻilgan sanalarini tahlil qilib, ularning katta qismi yil boshida tugʻilganini koʻrsatadi. Bu holat tasodif emas, balki sport tizimining qanday ishlashi bilan bogʻliq. Muallif bu orqali shuni koʻrsatadiki, sportchilarning kuchli boʻlib yetishishida nafaqat isteʼdod, balki qaysi vaqtda tugʻilgani va tizim bergan imkoniyatlar ham hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Bu jihat Oʻzbekiston futbolida ham bir necha yillardan beri boʻy koʻrsatib kelmoqda. Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yanvar oyidagi yigʻinida ishtirok etgan 32 ta futbolchining qaysi oylarda tugʻilganiga eʼtibor qaratamiz.

Yilning birinchi 6 oyligida tugʻilgan futbolchilar:

Oʻtkir Yusupov — yanvar;

Jahongir Oʻrozov — yanvar;

Abror Isroilov — yanvar;

Ibrohim Ibragimov — yanvar;

Ikrom Aliboyev — yanvar;

Ibrohimxalil Yoʻldoshev — fevral;

Sardor Bahromov — fevral;

Sherzod Esonov — fevral;

Abduvohid Neʼmatov — mart;

Avazbek Oʻlmasaliyev — mart;

Samandar Mavlonqulov — mart;

Samandar Muratbayev — mart;

Zafarmurod Abdurahmatov — aprel;

Xurshid Gʻiyosov — aprel;

Rustam Turdimuratov — aprel;

Dilshod Komilov — may;

Nodir Abdurazzoqov — may;

Jasur Jaloliddinov — may;

Vladimir Nazarov — iyun;

Doston Tursunov — iyun;

Mahmud Muhammadjonov — iyun;

Yilning ikkinchi 6 oyligida tugʻilgan futbolchilar:

Alisher Odilov — iyul

Abbos Gʻulomov — iyul

Oybek Bozorov — avgust

Firdavs Abdurahmonov — avgust

Behroʻz Karimov — avgust

Aziz Xolmurodov — sentyabr

Quvondiq Roʻziyev — oktyabr

Anvar Hojimirzayev — oktyabr

Alibek Davronov — dekabr

Otabek Ahadov — dekabr

Javohir Husanov — dekabr

Koʻrib turganingizdek, terma jamoaning 67 foiz futbolchisi yilning birinchi yarmida tugʻilgan. Bu holat yanvar oyida Osiyo chempionatida ishtirok etgan Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi bilan ham yuz bergandi. Musobaqada ishtirok etgan 23 futbolchining 74 foizi, yaʼni 17 nafari yilning birinchi yarmida tugʻilgan. Bu esa muammo ancha palak yozganini koʻrsatadi. Xoʻsh, yilning ikkinchi yarmida tugʻilgan sportchilarning imkoniyatlarini oshirish uchun nima qilish kerak?

Eng muhim qadam — sportchilarga faqat qisqa muddatli jismoniy ustunlik asosida baho bermaslik. Murabbiylar va federatsiyalar bolalarning uzoq muddatli salohiyatini hisobga olishi, yaʼni hozir kuchli koʻrinayotgan emas, balki kelajakda rivojlanish imkoniyati yuqori boʻlgan sportchilarni ham qoʻllab-quvvatlashi kerak. Shuningdek, seleksiya jarayonini imkoni boricha kechroq bosqichga surish ham muhim hisoblanadi.

Jahon tajribasida keng qoʻllaniladigan usullardan biri — bio-banding. Bu tizimda bolalar pasportdagi yoshiga qarab emas, balki jismoniy rivojlanish darajasiga qarab guruhlarga ajratiladi. Masalan, Angliyada futbol akademiyalarida (Premyer-liga klublarida) bio-banding tajribasi oʻtkazilib, kichikroq va kechroq rivojlanayotgan futbolchilarga oʻz tengdoshlari bilan raqobat qilish imkoniyati berildi. Natijada bunday futbolchilar oʻyinda koʻproq ishtirok etib, texnika va qaror qabul qilish jihatidan tezroq oʻsish koʻrsatdi.

Yana bir samarali yondashuv — yosh chegaralarini moslashuvchan qilish. Ayrim davlatlarda (masalan, Skandinaviya mamlakatlarida) bolalar sportida qatʼiy seleksiya oʻrniga rotatsiya tamoyili qoʻllaniladi. Yaʼni, barcha bolalarga maʼlum vaqt davomida teng oʻynash imkoniyati beriladi. Shuningdek, murabbiylar uchun maxsus treninglar oʻtkazilib, ularga nisbiy yosh effekti tushuntiriladi. Bu esa ushbu muammoni hal etishda katta yordam beradi.

Umuman olganda, jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, muammo isteʼdod yetishmasligida emas, balki uni qanday aniqlash va rivojlantirishda. Tizim imkoniyatlarni tor doirada emas, kengroq ochib bersa, yilning istalgan oyida tugʻilgan sportchi oʻz salohiyatini toʻliq namoyon qila oladi.

Muhammadamin Zuhriddinov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?