Ziroat Mirziyoyeva: “Bolalar salomatligidagi tafovutlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi oliy darajadagi haftaligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi va “Zamin” fondi hamkorligida muhim xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi. U “Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish boʻyicha global harakat” mavzusiga bagʻishlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston birinchi xonimi, “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, dunyo boʻylab bolalar salomatligini saqlash dolzarbligini taʼkidladi.
“Hozirgi vaqtda dunyo boʻylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda. Bu — sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi demakdir. Millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlariga qaramay, yashovchanlik darajasi turli mintaqalarda keskin farq qiladi: rivojlangan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 80 foizdan yuqori boʻlsa, rivojlanayotganlarda 30 foizdan ham past. Bunday tafovut mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat. Bunday fojialarning oldini olish uchun chora koʻrishimiz zarur”, — dedi Ziroat Mirziyoyeva.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Angola, Vyetnam, Gvatemala, Serbiya birinchi xonimlari, Livan Bosh vazirining rafiqasi, JSST bosh direktori, EKOSOS prezidenti, St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi prezidenti, shuningdek, Turkiya, Angola, Armaniston, Bangladesh, Mozambik, Dominikan Respublikasi, Nigeriya, Qozogʻiston, Qatar, Kongo Respublikasi, Qirgʻiziston, Malta, Moʻgʻuliston, BAA, Peru, Tojikiston, Timor-Leste, Tuvalu, Chad, Yamayka sogʻliqni saqlash vazirlari hamda Vengriya, Indoneziya, Rossiya, Tanzaniya sogʻliqni saqlash tuzilmalari vakillari qatnashdi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, yetakchi mutaxassislar va fuqarolik jamiyati vakillari, ogʻir kasalliklarga chalingan bolalar ham ishtirok etdi. Ular orasida Oʻzbekistondagi “Mehrli maktab”ning yosh bitiruvchisi va koʻngillisi Samira Idrisova oʻzining shaxsiy hayotiy tajribasini samimiy tarzda boʻlishdi.
Ishtirokchilar 2030-yilga qadar saratonga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazishga qaratilgan qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar. Shuningdek, bolalarda saraton kasalliklarini davolashdagi ilgʻor yutuqlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻroqsimon hujayrali anemiyaga qarshi global tashabbusni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbir xalqaro hamjamiyatning bolalar salomatligi boʻyicha masʼuliyatini yana bir bor tasdiqladi va adolatli, integratsiyalashgan, mahalliy resurslarga asoslangan sogʻliqni saqlash tizimlarini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring