“Tamaki epidemiyasi” yiliga 8,7 million kishining hayotiga zomin boʻlmoqda — JSST

11:23 01 Avgust 2023 Jamiyat
428 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga koʻra, tamaki mahsulotlarining zararli taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan global chora-tadbirlar natijasida soʻnggi 15 yilda kashandalik koʻrsatkichlari butun dunyo boʻyicha sezilarli darajada kamaydi.

“Aks holda, hozirga kelib, sayyoramizda chekuvchilar soni 300 million nafardan ortib ketgan boʻlardi”, — deyiladi hujjatda.

Masalan, ayni paytda jahon mamlakatlarining deyarli 40 foizi yopiq jamoat joylarida chekishni butunlay taqiqlagan.

Shunga qaramay, tamaki hanuz dunyo boʻylab oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim holatlarining asosiy omili boʻlib qolmoqda. Yaʼni ushbu illat oqibatida yiliga 8,7 million odam hayotdan koʻz yumayotgani achinarli.

Vaholanki, “tamaki epidemiyasi”ni jilovlash uchun maxsus chora-tabdirlar, strategik maqsad va aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Biroq JSSTga aʼzo 44 mamlakat hamon bu boradagi himoya choralarini amaliyotga tatbiq etgani yoʻq. 53 ta mamlakatning tibbiyot muassasalarida chekishni toʻliq taqiqlovchi huquqiy asoslar yaratilmagan.

Shuningdek, xususiy sektordagi ish joylari va restoranlarda tamaki mahsulotlari isteʼmolini cheklovchi chora-tadbirlar dunyo mamlakatlarining qariyb yarmida joriy etilmagan.

Eng yomoni, tamaki tutuni passiv chekuvchilar, yaʼni yon-atrofdagi insonlar hayotini ham zaharlamoqda. Xuddi shu omil yiliga 1,3 millionga yaqin kishining oʻlimiga sabab boʻlyapti.

Qolaversa, qator davlatlarda bunday mahsulotlar realizatsiyasi va reklamasi tartibga solinmagani ham chekuvchilar soni ortishiga turtki boʻlmoqda.

Eslatib oʻtamiz, shu yil qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida»gi yangi Qonunga koʻra:

Oʻzbekiston hududiga chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, jumladan, nikotinli snyus, chaynaladigan tamaki hamda nikotinli shirinliklarni olib kirish va sotish taqiqlanadi.

Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida tamaki mahsulotlarini koʻrsatish va ochiq namoyish qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Savdo avtomatlari orqali, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish javonlaridan, elektron tijorat koʻrinishida, masofaviy savdo orqali, shuningdek, koʻchma savdo orqali, bolalar tovarlari sotiladigan binolarda, oʻyinchoqlar, shirinliklar va boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qilinganda, 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga va ushbu yoshdagi shaxslar tomonidan sotish man etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?