Jizzaxda qimmatbaho daraxt va buta koʻchatlari yarmarkasi ochildi

15:04 15 Sentyabr 2023 Jamiyat
357 0

15-sentabr soat 10:00 da Jizzax shahridagi “Oʻrda” ekologik bogʻida Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishga bagʻishlangan koʻrgazmali yarmarka ochildi.

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) va Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilmoqda. 

Yarmarkada Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida soʻnggi 5 yil davomida ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar namoyish etiladi. Yarmarkaga tashrif buyurganlar yangi pista navlari va resurs tejamkor koʻchat ekish oʻrmon agregat mashinalariga olingan patentlar, innovatsion usulda ekilgan noyob va qimmatli daraxt-buta koʻchatlari, urugʻlari, dorivor oʻsimliklar, duragay terak navlari va boshqa mahsulotlar bilan tanishish imkoniga ega boʻlishadi. 

Shuningdek, viloyatlarda koʻchatchilik, yongʻoqchilik (pista, bodom plantatsiyalari) hamda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish bilan shugʻullanuvchi subyektlar (fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlar, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish korxonalari)ga yaratilgan ilmiy ishlanmalarning afzalliklari, ustunliklari, ularning iqtisodiy samaradorliklari haqida maʼlumot beriladi. 

Yarmarka yakunida ishlab chiqaruvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, yarmarka 22-oktabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida ham oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?