Jizzaxda aholi murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy muhokama qilindi
Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonasi vakillari boshchiligidagi Respublika ishchi guruhining navbatdagi manzili Jizzax viloyati boʻldi.
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan guruhning asosiy vazifalaridan biri sifatida viloyat boʻyicha aholidan eng koʻp shikoyatlar kelib tushayotgan masalalar va takroriy murojaatlarni tahlil qilish hamda sektorlar va mahallar kesimida ularga yechim topish boʻldi.
Ushbu maqsadda 21 ta vazirlik va idoralar tomonidan Jizzax viloyatidan Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan jami 4 ming 300 ga yaqin murojaatlar qayta oʻrganildi, ularning 35% ga yaqini joyida oʻz ijobiy yechimini topdi, qolgan qismi esa oʻrganish jarayonida.
Hal etilgan masalalarning asosiy qismi oila va xotin-qizlar, maktabgacha va maktab taʼlimi, kommunal, qurilish, gaz, elektr, ichimlik suvi taʼminoti, moliya, pensiya, tibbiy yordam, bandlikni taʼminlash kabi qator sohalarga oid murojaatlar boʻldi.
Bundan tashqari, bir hafta davomida Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari boshchiligida Jizzax viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlari ishtirokida 63 ta sayyor qabul tashkil etildi. Qabullarda 700 ga yaqin masala koʻtarilib, ularning 226 tasi joyida hal etildi, 300 tasi boʻyicha tushuntirish berilib, qolgan 155 ta masalaning ijrosi nazoratga olindi.
Misol uchun, Jizzax viloyati hokimi tomonidan Forish tumani “Bogʻdon” mahallasida sayyor qabul oʻtkazilib, 58 nafar fuqarolardan 92 ta masalalarda murojaatlar qabul qilindi. Ularning 38 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlarni belgilangan muddatlarda oʻrganib, ijobiy hal etish boʻyicha viloyat hokimining oʻrinbosarlari, idora va tashkilot rahbarlariga vazifalar belgilab berildi.
Qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida 14 km. ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 5 ta transformator, 12 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 2,2 km. ichimlik suvi tarmogʻi yangidan tortildi. Aholiga qoʻshimcha 7,6 tonna, ijtimoiy soha obyektlariga esa 50 tonna koʻmir yetkazib berildi.
Shu bilan birga, 14 fuqaroga davolanish uchun order berildi va shifoxonaga joylashtirildi, 10 nafar kam taʼminlangan fuqarolarga tikuv mashinasi olib berildi, 183 nafar fuqaroga bepul dori-darmon berildi. Homiylar jalb etilib, murojaatchilar orasidan 21 nafar ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam koʻrsatildi.
Murojaatlar asosida viloyat tijorat banklari tomonidan 61 nafar fuqarolariga 502 mln soʻm miqdorida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditlar ajratilishi taʼminlandi.
Qabullar doirasida Jizzax viloyati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan oʻtkazilgan sayyor sudlar davomida ozodlikdan mahrum etilgan 49 nafar mahkumlar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan boʻlsa, 9 nafar mahkumlarning oʻtalmay qolgan jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi, 2 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod etildi.
Mahalla va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida 41 ta oilalar yarashtirildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 53 ta aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarilib, ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat oʻtkazilib, 2 ta oila yarashtirildi.
Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar tomonidan sud majlislarida 60 ta iqtisodiy ishlar koʻrilib, 35 ta tadbirkorlik subyektlarining daʼvo arizalari asosida 7,4 mlrd. soʻm undirilishi belgilandi.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha vazirlik, idoralar masʼullari, sektor rahbarlari ishtirokida viloyatda aholi muammolari va murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy muhokama qilinib, bu sohada mavjud kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Ularni bartaraf etish boʻyicha aniq maqsad va vazifalar belgilanib, Prezident Administratsiyasi tomonidan nazoratga olindi.
Tahlillar asosida Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish maqsadida viloyat aholisi uchun dolzarb boʻlgan respublika idoralari darajasida hal etilishi talab etiladigan masalalar roʻyxati shakllantirildi.
Respublika ishchi guruhi davom etadi. Navbatdagi manzil — Toshkent viloyati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring