Jizzax shahridagi “Istiqlol” istirohat bogʻi zamonaviy qiyofaga keltiriladi
Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Jizzax shahridagi “Istiqlol” istirohat bogʻi soʻnggi yillarda qarovsizligi tufayli koʻrimsiz holga kelib qolgandi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, ushbu bogʻ endilikda zamonaviy qiyofaga keltiriladi.
Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi DUK buyurtmasi asosida “Mukammal qurilish savdo” MCHJ quruvchilari tomonidan “Istiqlol” istirohat bogʻida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Loyiha qiymati 8 milliard 513 million soʻmni tashkil etadi.
— Istirohat bogʻi yonidan oqib oʻtuvchi Sangzor daryosida sunʼiy havza barpo qilinadi, — deydi viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi DUK yetakchi mutaxassisi Nodirbek Abduazimov. — Tashabbuskor tadbirkorlik subyektlarining qator loyihalari uchun bogʻ hududidan yer ajratilib beriladi. Istirohat bogʻida infratuzilma bilan bogʻliq barcha ishlar amalga oshiriladi. Uning hududiga yangi 60 ta oʻrindiq, 10 ta olti qirrali suhbat quradigan ayvoncha, 60 ta chiqindi qutisi, tashqi yoritish uskunalari oʻrnatiladi.
Bunyodkorlik ishlari samarasida zamonaviy koʻrinishga keltirilayotgan, aholi uchun qulay sharoitlar yaratilayotgan “Istiqlol” istirohat bogʻi shu yil bahorgi mavsumdan eʼtiboran yana jizzaxliklarning eng gavjum, sevimli dam oladigan maskaniga aylanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring