Jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish ustuvor vazifalari belgilandi

Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Senatning beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda sohaning normativ-huquqiy asoslari shakllantirilganligi, institusional o‘zgarishlar amalga oshirilganligi, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qator amaliy choralar ko‘rilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Sohaga oid 10 ga yaqin qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ta farmon va qarori, hukumatning 2 ta qarori va 20 dan ortiq idoraviy hujjat hamda 2 ta davlat dasturi tasdiqlandi.
Xususan, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati isloh qilinib, davlat xizmatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmlar joriy etildi.
Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi.
Milliy kengash tarkibidan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining o‘rin olishi orqali barcha davlat va nodavlat tashkilotlarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish imkoniyati yaratildi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruza tayyorlash va uni Oliy Majlis palatalariga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, ushbu jarayon Konstitutsiyamizda ham o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, 117 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens – nazorat) tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, ushbu sohada qator kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi.
Qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilishi holatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan shug‘ullanib, korrupsiyaviy omillarning oldini olishga, preventiv choralarni ko‘rishga e’tibor qaratilmagani shular jumlasidandir.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens nazorat) bo‘linmalarining o‘rni va mas’uliyati sezilmayapti.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohaga oid xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmagan, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagan.
Sog‘liqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori. Sog‘liqni saqlash sohasida – 527 ta, bandlik bo‘yicha – 447 ta, banklarda – 434 ta korrupsiyaviy holat qayd etilgan.
Byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillar aniqlanmagan, o‘rganilmagan hamda tahlil qilinmagan.
Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, lisenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar ko‘paygan.
Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati talabga javob bermaydi, ular mahallalar bilan o‘zaro hamkorlik qilmagan.
Davlat xizmatlari bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi faoliyati talabga javob bermaydi.
Senatorlar Prezident tomonidan qayd etilgan yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlashdi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha hududlardagi (mahallalardagi) ishlar samaradorligini oshirish, shu jumladan joylardagi maishiy korrupsiyaga barham berish, jinoyat sodir etgan shaxslar bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bilan bog‘liq keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini tubdan yaxshilash lozim.
Muhokama yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilindi.
Foto: Akmal Muhammadov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring