Jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov va bir guruh deputatlar Toshkent viloyatida boʻlib, yangilanayotgan Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, yangi normalarning ahamiyatini tushuntirishga bagʻishlangan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Mazkur jarayonda aholiga Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, vakillik va ijro organlarining oʻrni va roli, Asosiy qonunimizning ijtimoiy davlat qurish, oila institutini mustahkamlash, mulkni himoya qilish kabi prinsipial qoidalari haqida keng va atroflicha maʼlumot berildi.
Muloqotlarda fuqarolar yangilanayotgan Konstitutsiyada milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, shonli madaniy, maʼnaviy va tarixiy merosimizni saqlash va avloddan-avlodga yetkazish gʻoyalarining aks etayotganini qayd etib, kiritilayotgan normalarni eʼtirof etdilar.
Elmurod MIRALIYEV,
Quyi Chirchiq tumanidagi 45-maktab direktori:
— Men 18 yildan beri pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanaman. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, jamiyatni inson, insonni esa taʼlim va tarbiya oʻzgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, oʻqituvchilar faoliyatiga bogʻliq.
Shu bois keyingi yillarda yurtimizda oʻqituvchi kasbining maqomi va obroʻsini koʻtarish, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va gʻururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada ham davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilanayotgani bizni juda quvontirdi. Biz albatta, bor kuch va imkoniyatlarimizni barkamol avlodni tarbiyalashga safarbar etamiz.
Dilshod TOʻRAYEV,
Quyi Chirchiq tumanidagi “Beruniy” MFYning yoshlar yetakchisi:
— Mahallalarda yoshlar yetakchisi faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi yoshlarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish, muammolarini oʻrganish, yangi isteʼdodlarni kashf qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlarning jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish masalasiga alohida urgʻu berilgan.
Xususan, Bosh qomusimizda davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan norma kiritilmoqda.
Mazkur qoidalar yoshlar tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Marhabo ABDULAZIZOVA,
Boʻka tuman tibbiyot birlashmasi rahbari oʻrinbosari:
— Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu yoʻlda misli koʻrilmagan ishlar qilindi.
Muhimi, bugun tibbiyotdagi ijobiy oʻzgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi oʻz hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda. Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini koʻrishi mustahkamlanayotgani eʼtiborga molik.
Tojixon YOʻLCHIBOYEVA,
Boʻka tumanidagi “Yangihayot” MFY raisi:
— Mahalla jamiyatning muhim tayanch boʻgʻini hisoblanadi. Shu maʼnoda, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida hayotbaxsh islohotlar samaradorligini oshirishda mahallaning oʻrni va mavqei yuksalib boryapti. Buni birgina joriy etilgan yangi tizim “beshlik” misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori birlashib, mahallada qanday muammo boʻlsa, joyida hal etmoqda, yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yoʻlida sidqidildan mehnat qilib, islohotlar “drayveri” boʻlmoqda.
Rahim OBIDOV, mehnat faxriysi:
— Yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinganidan mahallamiz fuqarolari juda xursand. Eʼtiborlisi, aholi davlatning gʻamxoʻrligini sezyapti.
Yangilanayotgan Bosh qomusimizda ham pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam isteʼmol harajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilanyapti, davlatimiz uy-joyli boʻlish, bepul tibbiy yordam, kasb-hunar oʻrganish, yetarli ish haqi va pensiya olish uchun qonuniy imkoniyat yaratishni boʻyniga olayapti.
Mazkur normalar hammamizning kelgusi taqdirimiz uchun juda muhim. Shu bois, oila aʼzolarimiz bilan referendumda faol ishtirok etamiz.
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring