Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ochildi. Unda vakillarimiz ham qatnashmoqda

23:23 21 May 2023 Jamiyat
506 0

Jeneva... Dunyoning eng goʻzal shaharlaridan biri... Sayyohu mehmonlarni oʻziga ohanraboday tortuvchi maskan... Alp va Yura togʻ tizmalari etagida, Jeneva koʻli hamda Rona daryosi qirgʻogʻida joylashgan bu kentning betakrorligi faqat uning soʻlim tabiati, koʻhna obida va osori-atiqalaridagina emas!

Bu shahar jahon diplomatiyasi markazi hamdir. Xalqaro maydondagi koʻplab muhim uchrashuv va muloqotlar ayni shu manzilda oʻtkaziladi. Chunki bu yerda 40 dan ziyod xalqaro davlat va 200 dan ortiq nodavlat tashkilotlarning qarorgohlari joylashgan.

Mana, hozir 194 mamlakatning delegatlari — jami 3 ming nafarga yaqin mehmon Jenevada jam boʻlgan. Bu yerda Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi ochildi.

Ishtirokchilarning asosiy qismi — sogʻliqni saqlash vazirlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, korporatsiyalar va jamgʻarmalarning vakillari. Ular safida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham bor.

Qatnashchi davlatlar geografiyasi rang-barang. Koʻzlangan maqsad esa mushtarak — insoniyat salomatligini saqlash! Yigʻilish kun tartibidan sayyoramiz aholisi sogʻligʻi bilan bogʻliq qator global masalalar oʻrin olgan.

Xususan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini isloh qilish, yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar salomatliligi, sil xastaligi boʻyicha global strategiyalar, favqulodda vaziyatlarda koʻriladigan choralar hamda sohadagi ilmiy tadqiqot va innovatsion yutuqlar muhokama etilishi belgilangan.

Ochilish marosimida, dastavval, sessiya prezidenti, besh nafar vitse-prezidenti va qoʻmitalar raislari saylab olindi. Shundan soʻng yigʻilish kun tartibi tasdiqlandi.

Navbatda bir qator xalqaro tashkilotlar masʼullari, sogʻliqni saqlash vazirlari oʻz qutlov soʻzlarini yoʻlladi.

Soʻng Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning onlayn videomaʼruzasi namoyish etildi. Qolaversa, bir qator hukumatlar rahbarlari ham toʻgʻridan toʻgʻri translyatsiya orqali oʻz fikr-mulohazalari hamda tabriklarini yoʻlladi.

Shundan keyin Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda insoniyat salomatligi va hayotini jiddiy xavf ostida qoldirgan koronavirus pandemiyasi, maymun chechagi (mpox), vabo epidemiyalari hamda boshqa xastaliklarni bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar haqida toʻxtaldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi qarorgohida boʻlib oʻtayotgan ushbu yigʻilishning asosiy muhokamalari 30-maygacha davom etadi.

Shuningdek, sessiya doirasida sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar boʻyicha davra suhbatlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер