Jahon savdo tashkiloti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanadi

17:25 23 Mart 2022 Jamiyat
987 0

Xabaringiz bor joriy yilning 24 — 26-mart kunlari poytaxtimizda Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtadi. 

Birinchi bor oʻtkazilayotgan mazkur forum Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi platforma boʻlib, uning formatida Oʻzbekistonning investitsiya salohiyati xalqaro investitsiya va biznes hamjamiyatlariga taqdim etiladi.

Unda yirik xorijiy tashkilot va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishi nazarda tutilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan mazkur tadbirda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurdi.

Bugun, 23-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Jahon savdo tashkiloti bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida S.Safoyev soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan oʻzgarishlar, xususan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy jarayonlarni yanada faollashtirish, xorijiy investorlarni keng jalb etish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, erishilgan natijalarga alohida urgʻu berdi.

Shu bilan birga, JIDUning xalqaro hamkorlik borasidagi ishlariga, universitetda yaratilayotgan imkoniyatlar hamda taʼlim muassasasining “WTO Chairs Program” dasturidagi ishtirok etishiga ham urgʻu berildi.

Bu borada S.Chjan Oʻzbekiston Respublikasiga qilgan tashrifi davomida tashkil etilgan mazkur uchrashuvidan juda ham mamnun ekanligini aytib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan bildirilgan takliflar JST tomonidan maʼqul koʻrilgani, shu munosabat bilan universitet joriy yilda tanlangan 17 ta kafedralardan biri maqomini qoʻlga kiritgani bilan tabrikladi. Shuningdek, mazkur grand doirasida JST va universitet oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Shundan soʻng S.Chjan universitetda tashkil etilgan yuridik klinika faoliyati bilan yaqindan tanishib, professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?