Jahon Banki bilan hamkorlikda yirik qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroda Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon bankining “Andijon, Chirchiq, Buxoro va Samarqand shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” qoʻshma loyihasini hayotga tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi. Tadbirda soha masʼullari, oʻzini-oʻzi boshqaruv organlari rahbarlari hamda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Aholi oʻrtasida markazlashgan isitish va issiq suv taʼminoti tizimini joriy qilishning afzalliklarini atroflicha targʻib etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda toʻplanganlar eʼtibori bir necha jihatga qaratildi. Chunonchi, markazlashgan isitish tizimi isteʼmolchilar uchun qulay va nisbatan arzon. Unda inson hayotini xatarga soladigan noxush vaziyatlar roʻy bermaydi. Buning ustiga ekologik jihatdan xavfsiz. Xususan, qoʻshma loyiha asosida tizimda zamonaviy texnologiyalarning dadil qoʻllanilayotgani, koʻplab jarayonlarning inson omilisiz, avtomatik tarzda bajarilishi tizimga boʻlgan ishonchni oshirmoqda. Zero, sohada modernizatsiya yumushlari ilk bor yaxlit tarzda olib borilmoqda.
Buxoro shahrida bu borada muayyan tajriba toʻplanganini koʻrish mumkin. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, loyiha roʻyobi uchun 22,62 million AQSH dollari miqdorida Jahon Banki kreditlari ajratilgan. Hozirgacha mazkur mablagʻning 79 foizi oʻzlashtirildi. Xoʻsh, tizimdagi keng qamrovli oʻzgarishlar qanday natijalarga olib keladi?
— Loyihaning toʻliq amalga oshirilishi bizga energiya-samarador yopiq tizimga oʻtish imkonini beradi, — deydi “Buxoroenergomarkaz” aksionerlik jamiyati direktori Anvar Qarayev. — Yiliga 6,4 million kub metr tabiiy gaz yoki 9,6 milliard soʻm, 0,9 million kVt soat elektr energiyasi, 1 million kub metr ichimlik suvi tejaladi.
Tarmoqdagi yoʻqotishlar ikki baravarga qisqaradi. Atmosfera qatlamiga zararli moddaning tashlanishi yiliga 2,8 ming tonnaga kamayadi. Issiqlik tarmoqlarining ekspluatatsiya muddati oʻttiz yilgacha uzayadi. Koʻpqavatli uylarda individual issiqlik punkti oʻrnatiladi. Natijada issiqlik xuddi tabiiy gaz, elektr energiyasi kabi maxsus schetchiklar vositasida hisob-kitob qilinadi.
Tadbirda soʻz olgan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda sohaning Andijon, Chirchiq shaharlari masʼullari, shuningdek, “Kelajak shahri rivoji” konsalting markazi vakillari Rahima Ortiqova, Anastasiya Akulenko va boshqalar qoʻshma loyihaning ijtimoiy ahamiyati haqida atroflicha toʻxtaldi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Isitish tizimini modernizatsiya qilish va buning aholi turmush tarziga ijobiy taʼsirini tahlil etishda oʻziga xos minbar vazifasini oʻtagan tadbir yakunida ishtirokchilar “Buxoroenergomarkaz” AJ faoliyati bilan tanishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring