Zelenskiy BMTga Rossiyani tinchlikka majburlash kerakligini aytdi

13:52 25 Sentyabr 2024 Dunyo
13697 0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga Ukrainadagi urushni tugatish uchun muzokaralar yetarli boʻlmasligini va Rossiyani tinchlikka majburlash kerakligini aytdi. Shuningdek, u Moskvani BMT Nizomini buzuvchi yagona davlat ekanligini qoʻshimcha qilgan.

“Bu urush shunchaki yoʻqolib ketmaydi. Buni muzokaralar bilan tinchitib boʻlmaydi. Rossiyani faqat tinchlikka majburlash mumkin va aynan shu narsa zarur”, — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Ukrainaning ittifoqchilari orasida Rossiya 2022-yilning fevralida Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshlaganida boshlangan urushni tugatish boʻyicha “gʻalaba rejasi”ni qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilgan. Rossiya hozirda Ukrainaning 20 foizdan kamroq qismini egallab turibdi va sharqiy frontda oldinga intilmoqda.

Yigʻilishda Rossiyadan tashqari kengashga aʼzo 14 davlatning vazirlari ishtirok etdi, Kreml BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyani yuborgan. U Zelenskiyga yana BMT diqqat markazida boʻlayotganidan shikoyat qildi.

“Gʻarb davlatlari yana bir bor atmosferani zaharlashdan oʻzini tiya olmadi, efir vaqtini Ukraina muammosi bilan toʻldirishga harakat qildi“, — dedi Nebenzya uchrashuv haqida.

Ukraina prezidenti Shimoliy Koreya va Eronni Rossiyaga urush uchun qurol yetkazib berganlikda tanqid qilib, ularni Moskvaning “de-fakto sheriklari” deb taʼrifladi.

Tergovchilar Ukrainada Shimoliy Koreya qurollari qoldiqlarini topgan. Eron prezidenti Masʼud Pezeshkian Tehron Rossiyaga raketa yetkazib berayotgani haqidagi daʼvolarni rad etdi. Qurol-yarogʻ taʼminoti masalasi Xitoy va AQSHning yuqori darajadagi diplomatlari oʻrtasidagi toʻqnashuvni ham kuchaytirdi.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kengashda “Rossiyaga faqat Shimoliy Koreya va Eron yordam bermayapti”, — dedi. Kotibning aytishicha, Xitoy ham ushbu ittifoqning bir aʼzosi boʻlib, Rossiyani qayta qurish, zaxiralash, urush mashinasini kuchaytirish va shafqatsiz tajovuzni davom ettirish uchun ishlatiladigan dastgohlar, mikroyelektronika hamda boshqa buyumlarning eng yaxshi taʼminlovchisidir. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I esa bu ayblovlarni rad etdi.

“Ukraina masalasida masʼuliyatni Xitoy zimmasiga yuklash yoki Xitoyga hujum qilish va tuhmat qilish uchun qilingan har qanday harakat masʼuliyatsizlik va hech qayoqqa olib bormasligini ochiq aytmoqchiman”, — dedi u kengashda.

Van I Xitoyning Ukrainada tinchlikka erishish tarafdorligini yana bir bor taʼkidladi va Braziliya bilan ishlab chiqilgan tinchlik taklifiga ishora qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish ham yigʻilishda maʼlumot berib, BMT Nizomi doirasida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlagan.

“Rossiyaning 2022-yilning fevralida Qrim Avtonom Respublikasi va Sevastopol shahri noqonuniy ravishda anneksiya qilinganidan keyin Ukrainaga toʻliq miqyosda bostirib kirishi bu tamoyillarning ochiqdan-ochiq buzilishidir“, — dedi BMT rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер