Zardob kasalligidan asosan allergiyaga moyil kishilar aziyat chekadi

00:00 01 Dekabr 2023 Jamiyat
309 0

Kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olgan afzal. Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Masalan, yuqumli infeksiyalarga qarshi vaksinalar nafaqat turli epidemiyalar tarqalishi, balki sogʻliqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi.

Shu bois zardoblar bilan davolash va kasalliklarni profilaktika qilish usuli zamonaviy tibbiyotda keng ommalashgan. Bu muolaja turi inson organizmida passiv immunitetni shakllantirishi bilan ahamiyatli.

Biroq zardoblar baʼzi allergiyaga moyil kishilarda, zarur ehtiyot choralari koʻrilmasa, allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu xususda maʼlumot berdi.— Zardob kasalligi inson organizmiga muolaja va profilaktika maqsadida begona oqsil, masalan, hayvonlarning immun zardoblari yuborilganda roʻy beradigan allergik reaksiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis.

— Bundan tashqari, inson immunoglobulinlari, beta-laktam antibiotiklari, sefalosporinlar, monoklonal antitanalar, sulfanilamidlar, sitostatiklar va baʼzi steroid boʻlmagan yalligʻlanishga qarshi dorilarni qoʻllash tufayli zardob xastaligi rivojlanishi mumkin.

Baʼzan bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, qazi, ot goʻshti va baliqdan tayyorlangan taomlar ham bu xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasidan.

Allergik reaksiya ehtimoli genetik moyillik va ikkilamchi immunitet tanqisligi tufayli ortadi.

Kasallik alomatlari odatda zardob qabul qilingach, 7 kundan 1 oygacha boʻlgan muddatda yuzaga keladi. Avval “ukol” qilingan joy va uning atrofi, keyin butun badan boʻylab eshakemiga oʻxshash toshmalar toshadi va ularning oʻrni qichishadi.

Bemor isitmalaydi, limfa tugunlari kattalashib, boʻgʻimlar, bosh va yurak sohasida ogʻriqlar kuchayadi. Baʼzan bosh miya shikastlanishiga xos oʻzgarishlar, buyrak va boshqa aʼzolar funksiyalari buzilishi kuzatiladi.

Ayrim hollarda boʻgʻimlar poliartralgiyasi, barcha boʻgʻimlarning baravar ogʻrishi, bronxit va bronxospazm, nevrit, radikulit belgilari namoyon boʻladi.

Koʻpincha simptomlar 3-5 kun ichida yoʻqoladi. Agar taʼsir kuchi koʻproq preparatlar qabul qilinsa, alomatlar bir necha hafta yoki oylab davom etishi mumkin.

Zardob xastaligini aniqlash uchun maxsus diagnostik testlardan foydalaniladi. Shundan soʻng bemorning holati, yoshi va kasallik darajasiga koʻra muolajalar buyuriladi.

Birinchi navbatda, allergenni bartaraf etish maqsadida infuzion va organizmni tozalovchi davo choralari qoʻllaniladi. Bemorga koʻp suyuqlik ichish, parhezga amal qilish tavsiya etiladi. Antigistamin va glyukokortikoidlar buyuriladi.

Anafilaktik shok holatidagi bemorlarga esa shoshilinch tibbiy yordam va statsionar sharoitda muolajalar koʻrsatish zarur.

Hozir Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi va uning hududiy filiallarida ushbu xastalik eng ilgʻor usullarda aniqlanib, samarali davolanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?