Zarbdor tumanida “Oltin vodiy” madaniyat markazi foydalanishga topshirildi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Obod xonadon” kabi istiqbolli dasturlar ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilayotgani nafaqat hududlar rivoji, balki xalqimiz farovonligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur dasturlar asosida Jizzax viloyati Zarbdor tumani Boʻston shaharcha fuqarolar yigʻini hududi ham obod manzilga aylandi.
Xususan, tumandagi “Oltin vodiy” madaniyat markazi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu xalqimizning maʼnaviyatini yuksaltirish, qolaversa, madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning amaldagi ifodasi, desak, ayni haqiqat.
Qariyb 5 mlrd. soʻm sarflangan ushbu markazda aholiga madaniy xizmat koʻrsatish, ijodiy jamoalarning milliy qadriyat, urf-odat hamda anʼanalarni oʻzida mujassam etgan namunali dasturlarini shakllantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik sanʼatini saqlab qolish va rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalar havaskorlik guruhlarini tashkil etish hamda ularning faoliyati yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, bu bevosita aholi oʻrtasida madaniyat va sanʼat targʻibotida ham muhim oʻrin tutadi.
Eʼtiborlisi shundaki, “Boʻston” shaharcha fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qilayotgan va sanʼatga qiziqishi baland nuroniy onaxonlarni yangi markaz yana jam qildi. Ular mahallaning folklor jamoasini tashkil etib, oʻz dasturlarini yanada boyitishmoqda.
— Pedagogika sohasida 40 yil ishlab nafaqaga chiqqanman, — deydi Ulboʻsin Mamatova. — Bugun ushbu markazda yetmishga kirgan va undanam oshgan nuroniylar bilan birga oʻzimizning folklor jamoasi tuzdik. Maqsadimiz milliy anʼanalarimizni xalqqa yetkazish. Boisi sanʼat xalqiniki, uni xalqqa berish kerak. Oldinlari imkoniyatimiz yoʻq edida. Endi esa imkoniyatimiz bor. Bugun mana shunday qulayliklarga ega markaz qurib berilgani bizning, yoshlarning, xalqning baxti aslida.
Madaniyat markazining ochilishi zarbdorliklarning quvonchiga quvon qoʻshdi. Unda soʻzga chiqqanlar yangi muassasa hududga koʻrkamlik baxsh etishi bilan birga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviy qadriyatlari va merosini asrab-avaylash, milliy madaniyatimizni keng targʻib etishga xizmat qilishini alohida taʼkidlashdi.
Madaniyat markaziga qadam tashlashingiz bilan bu yerdagi oʻzgacha muhitni qalban his etasiz. Madaniyat, sanʼat arboblari xalqimiz suygan sanʼatkorlar qiyofasi aks etgan suratlar va oʻziga xos bezalgan koshona taassurotlaringizni yanada oshiradi.
— Ushbu joyning hozirgi obodlikni koʻrib, ilgarigi xaroba holati koʻz oldimga kelyapti, — deydi mahalla faoli Quvondiq Abdurazzoqov. — Obodlikka nima yetsin! Bu yerda turli toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, bu yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish imkonini ham beradi. Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, ushbu markaz bilan birga mahalla idorasi ham uygʻun joylashgan. Buyam bir qulaylikda! Odamlar mahallaga biror ish bilan kelsa ham mana shu markazni koʻradi, koʻzi quvnaydi.

Madaniyat markazida yoshlarning adabiyot, sanʼat, shuningdek, bilimlarini yanada mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, raqs, musiqa toʻgaraklari orqali yoshlar oʻzlarining madaniyat va sanʼat sohasidagi mahoratlarini boyitib borishadi.
Shaharchada sanʼatga havasi baland yoshlarning koʻpligi eʼtiborga olinadigan boʻlsa, yangi markaz orqali madaniyat va sanʼatga oshno tutingan yoshlar safi yanada kengayishi shubhasiz. Bunday maskanlarning foydalanishga topshirilishi xalq orasidan iqtidorlilarni kashf qilish va ragʻbatlantirish, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun muhim oʻringa ega.
A. MAMARASULOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring