“Yurtingizning ohanrabosi bor”
Shu kunlarda koʻhna Buxoroning tarixiy goʻshalari – savdo rastalari-yu, karvonsaroylar, masjidu madrasalar, soʻlim Labihovuz, mahobatli Ark qalʼasi, fayzli Sitorai Mohi Xossa, muqaddas qadamjolar sayyohlaru ziyoratchilar bilan gavjum. Quloqqa fransuz, ingliz, rus, ispan, nemis, xitoy, koreys, yapon tillariga xos gap-soʻzlar chalinadi. Kechga borib xorijiy mehmonlarning bir qismi Nodir Devonbegi madrasasining sharqona qiyofadagi hovlisi tomon oshiqadi. Bu manzilda anʼanaga koʻra, milliy kuy-qoʻshiqlar va raqslardan iborat koʻngilochar dastur namoyish etiladi.
– Buxoroda vaqtimiz mazmunli, esda qolarli kechmoqda, – deydi germaniyalik sayyoh Matias Noyber. – Xalqingiz shunday boy maʼnaviy va madaniy merosni asrab-avaylab kelayotganidan xursand boʻldik. Safarimizning Buxoroda sanʼat biyenallisi oʻtayotgan damlarga toʻgʻri kelganini aytmaysizmi?
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq ilk bor tashkil etilgan xalqaro sanʼat biyennalisi koʻhna shaharning koʻz ilgʻamagan qirralarini ochib bermoqda. Bu yerda dunyoning turli goʻshalaridan kelgan nomdor musavviru dizaynerlar, gastronomik soha vakillari oʻzbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda oʻz mahoratlarini namoyish etmoqda. Zero, sanʼat tili barcha xalqlar uchun yagona va tushunarli.
– Asrlar sinovidan oʻtgan sanʼat va maʼnaviyatning ildizi Buxoroda, – deydi yana turkiyalik Marve Akyuz. – Undan bahra olmoq uchun yetti iqlimdan odamlar kelayotganining shohidi boʻlib turibmiz. Yurtingizning ohanrabosi bor. Uni yaqindan koʻrish, xususan, miniatyura sanʼati toʻgʻrisidagi bilim va tushunchalarimni boyitish istagi menga ham tinchlik bermadi.
Viloyat turizm boshqarmasi xabar berishicha, mamlakatimizda sayyohlar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanayotgani turistlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilmoqda. Boshqarma masʼullari yaqinda Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi vakillari bilan V2V tarzidagi uchrashuv oʻtkazdi. Har ikkala tomonning yetakchi turoperatorlari qatnashgan muloqotda Buxoroning sayyohlik salohiyatiga oid qimmatli maʼlumotlar berildi. Pirovardida Boshqirdiston va Tatariston Respublikalaridan joriy yil oxiriga qadar 10 ming nafar sayyohni jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Viloyatda infratuzilma rivojlanayotgani, xizmat koʻrsatish sifati oshayotgani ham eʼtiborga molik. Chunonchi, joriy yilda 64 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 14 ta mehmonxona, 12 ta xostel, 35 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hududda 22 nafar yangi turoperator – turagent ish boshladi. Sakkiz oy davomida Buxoroga 1 million 482 ming nafardan ziyod xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Respublikamizning turli goʻshalaridan 1,5 milliondan ortiq kishi koʻhna kentni koʻrgani keldi. Yil oxiriga qadar bu koʻrsatgich mos ravishda 2-2,5 millionni tashkil etishi kutilmoqda.
Istam IBROHIMOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring