Yurtimizning har goʻshasida qayragʻochlar qad rostlasin
Qayragʻoch — serbarg daraxt. Buxoroda uni chinni gujum deb ham atashadi. Suvsizlikka, shoʻrlanishga, jazirama issigʻu qahraton sovuqqa chidamli bu daraxt koʻchatini buxorolik oʻrmonchilar turdosh sadaqayragʻochga payvand qilish hadisini olishgan.
— Bu esa qayragʻoch bargi sathining biroz kattalashishiga olib kelmoqda, — deydi viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshligʻi Rustam Hojiyev. — Natijada daraxt atrof-muhitdagi chang-gʻuborlarni oʻziga singdirib, koʻproq kislorod ajratish xususiyatiga ega boʻlayapti. Shu boisdan ham koʻkalamzorlashtirish ishlarida bu turdagi daraxt nihollariga talab oshib bormoqda. Xoʻjaliklarimizda shunday koʻchatlarni yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Deylik, birgina Gʻijduvon tuman davlat oʻrmon xoʻjaligida joriy mavsum uchun sadaqayragʻoch koʻchatidan 150 ming tup, qayragʻoch niholidan esa 100 ming tup tayyorlangan.
Darhaqiqat, koʻpyillik daraxt sanalgan qayragʻoch Buxoroning murakkab iqlim sharoitiga mos. U yuz, ikki yuz va hatto undan ham koʻproq yil yashaydi.Quyuq soya beradi. Ostiga tangadek oftob nuri tushmaydi. Yozda soyasi jonning huzuri.Tuxumsimon shaklda viqor bilan chiroyli turishi esa koʻzni quvontiradi. Viloyatdagi bolalar oromgohlarida hamda Bahouddin Naqshband qadamjosida shunday chinni gujumlarni koʻplab uchratish mumkin.
Maʼlumotlarga qaraganda, hozir viloyat oʻrmon xoʻjaliklarining 20 gektar yerida qayragʻoch koʻchatlari yetishtirilyapti.Bu borada toʻplangan tajribani qoʻshni viloyatlardan kelib oʻrganib ketishmoqda.
Qayragʻoch haqida alohida toʻxtalishimiz bejiz emas. Joriy mavsumdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi yumushlarga viloyatda puxta taraddud bilan kirishilyapti. Koʻchalar, xiyobonlar, yoʻl yoqalarida tut, katalpa kabi manzarali daraxtlar qatori qayragʻoch koʻchatlari oʻtqazishga ham katta eʼtibor qaratiladi.Umuman esa viloyat boʻyicha salkam 7 million tup koʻchat oʻtqazilishi koʻzda tutilgan. Shu maqsadda “manzilli dastur” ishlab chiqildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring