Yurtimizda davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida ilk dializ markazi ish boshladi
Tibbiyotning nefrologiya yoʻnalishida dializ xizmatlari ahamiyatini hech narsa bilan taqqoslab boʻlmaydi. Bu xizmat buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimiz uchun suv va havodek zarur.
Shu sababdan ham mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik asosida keng koʻlamli dializ loyihasini amalga oshirishga kirishilgan.
Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) maslahat koʻmagida amalga oshirilayotgan makzur loyiha doirasida mamlakatimizda ilk bor Nukus shahrida davlat-xususiy sheriklik asosidagi dializ markazi foydalanishga topshirildi.
2021-yil yanvar oyida yuqori sifatli dializ xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishidagi xalqaro tenderda Osiyodagi eng yirik va jadal rivojlanayotgan “Nephroplus” kompaniyasi gʻolib deb topilgan edi.
Maʼlumot uchun, “Nephroplus” Osiyo mintaqasida 240 dan ortiq klinikaga ega va Hindiston, Indoneziya, Filippin, Nepal hamda Vyetnamda 17 ming nafardan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatadi.
Kompaniya Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi toʻrtta dializ klinikasini moliyalashtirish, qurish, jihozlash, xodimlarni oʻqitish va boshqarish hamda yiliga 1000 nafardan ortiq bemorlar uchun 140 000 dan ortiq seanslarda dializ xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha vazifalarni zimmasiga oldi.
Davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga muvofiq, kompaniya bu markazlarda dializ xizmatlarini tashkil etish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplab beradi.
Taʼkidlash joizki, yangi peritoneal dializ texnologiyasi hali Oʻzbekistonda mavjud emas. U bolalar va yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan ayrim bemorlarga koʻrsatiladi hamda chekka hududlarda yashovchi bemorlarning pul va vaqtini tejashga yordam beradi.

Xuddi shunday dializ markazlari Bogʻot va Urganch shaharlarida 2022-yilning may oyida ish boshlashi kutilmoqda.
Toshkent shahrida shu yoʻnalishdagi eng yirik klinika esa 2022-yil oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan.
Loyiha hududlarda yangi dializ boʻlimlarini tashkil etish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorlar oʻlimini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring