Yurtimizda buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligi keng nishonlanadi
Arxiv foto
Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Turkman xalqining ulugʻ farzandi Maxtumquli Firogʻiy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida oʻrin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir.
Hassos soʻz sanʼatkorining chuqur gumanizm bilan sugʻorilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard boʻlishga, turli millat va elatlar oʻrtasida oʻzaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir.
Bu yil nufuzli xalqaro tashkilot – YUNESKO rahnamoligida Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yillik qutlugʻ yubiley sanasi dunyo miqyosida keng nishonlanayotgani ham shoir adabiy merosi jahon soʻz sanʼatining bebaho xazinasiga aylanib, insoniyatning maʼnaviy olamini yuksaltirishga xizmat qilib kelayotganidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston dunyoda Maxtumquli asarlari eng koʻp nashr qilinadigan va oʻqiladigan mamlakatlardan biri sifatida eʼtirof etilishi, albatta bejiz emas. Yurtimizda mumtoz shoirning sheʼrlari va ular asosida yaratilgan qoʻshiqlar kirib bormagan biror-bir xonadon, uning nomini bilmaydigan biror-bir oʻzbek topilmaydi. Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning oʻz shoiriga aylangan. Uning sheʼrlari oʻzining teran falsafiy maʼnosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bagʻishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi.
Maxtumqulining oʻz davrida Xivadagi mashhur Shergʻozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk soʻz sanʼatkorini oʻziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi chinakam doʻstlikning ajoyib namunasidir. Maxtumquli Xivada juda koʻp ustoz va maslakdoshlar, doʻst-yor va muxlislar orttirgan, bu yerda kechirgan yillarini minnatdorlik bilan eslab, goʻzal sheʼrlar bitganini oʻzbek kitobxonlari yaxshi biladi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik hamda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Maxtumquli Firogʻiyning oʻlmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki qardosh el uchun birdek ardoqli boʻlgan shoirning barkamol asarlari mamlakatimizda muntazam ravishda, yirik adadlarda nashr etilmoqda. Toshkent va Xiva shaharlarida shoir xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan.
Oʻzbek xalqining Maxtumquli Firogʻiy siymosida qardosh Turkmaniston xalqiga, uning boy tarixi va madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga hurmat-ehtiromining yorqin namunasi sifatida hamda shoir tavalludining 300-yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda jamoatchilik vakillarining buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini mamlakatimizda keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita (А.Н.Арипов) ikki hafta muddatda Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini yuqori saviyada nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Chora-tadbirlar dasturida:
Maxtumquli Firogʻiyning “Tanlangan asarlar”i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy maqolalar toʻplamini nashrga tayyorlash va chop etish;
davlat buyurtmasi asosida Oʻzbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firogʻiyga bagʻishlangan badiiy film yaratish;
shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish;
yosh xonandalar oʻrtasida “Maxtumquli sheʼrlari bilan aytiladigan eng yaxshi qoʻshiqlar ijrochisi” respublika tanlovini oʻtkazish;
Badiiy akademiyaning markaziy koʻrgazmalar zalida oʻzbek va turkman xalqlarining doʻstlik va qardoshlik aloqalarini tarannum etuvchi tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmasini tashkil etish;
Xiva shahrida Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Maxtumquli ijodining oʻzbek adabiyoti va sanʼatida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish;
mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;
2024-yil oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firogʻiy xotirasiga bagʻishlangan ijodiy kecha oʻtkazish tadbirlari koʻzda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablagʻlari, ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.Н.Арипов zimmasiga yuklansin
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Ш.МИРЗИЁЕВ
Toshkent shahri, 2024-yil 19-fevral
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring