Yuridik taʼlim sifatini tubdan oshirish — asosiy maqsad

13:20 16 Fevral 2022 Madaniyat
1617 0

Markaziy Osiyo mintaqasida huquq sohasidagi yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadigan Toshkent davlat yuridik universiteti doim milliy va mintaqa miqyosidagi ilmiy-taʼlim hududda yuqori oʻrinlarni egallab kelgan.

1991-yil 15-avgustda Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etildi, shu vaqtdan boshlab universitet mustaqil taʼlim muassasasi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 2013-yil 28-iyunda TDYUI universitet maqomiga ega boʻldi. Shu tariqa, 2021-yil universitet oʻzining yubileyini — mustaqil oliy taʼlim muassasasi sifatida tashkil topganining oʻttiz yilligini nishonladi.

Mana, oʻttiz yildirki, universitet Oʻzbekistonda yuridik taʼlim, fan va huquqiy siyosatni rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni universitet uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki sud-huquq tizimini tubdan qayta isloh etish, huquqiy savodxonlikni yuksaltirish, yuridik taʼlim sifatini tubdan oshirish gʻoyatda muhim.

Zamonaviy universitet munosib ilmiy bazaga ega boʻlmay turib, taʼlim bozorida muvaffaqiyatli raqobatlasha olmaydi.

Shunga koʻra, universitetda huquq sohasida 14 ta ixtisoslik boʻyicha fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha Kengashlar faoliyat yuritmoqda. Shubhasiz, “Universitet 3.0” konsepsiyasi doirasida fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilish maqsadida universitetda “Ilmiy-innovatsion markaz — kafedra — ishlab chiqarish” triadasi yaratilganini ham ijobiy jihat sifatida eʼtirof etish mumkin.

Bunda, huquq sohasidagi eng soʻnggi zamonaviy ilmiy va taʼlim mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlish uchun universitetda huquq sohasidagi xalqaro maʼlumotlar bazalari (LexisNexis, Westlaw, JSTOR va boshqa)ga kirish va foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash doirasida “PRVD.UZ” (ilmiy tarjima xizmati), “LAWLIB.UZ” (ilmiy tadqiqotlarni texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati), “AD-LEX.UZ” (yuridik xizmatlar koʻrsatish subyektlari maʼlumotlar bazasi) pilot loyihalari ishga tushirilgan.

TDYUUning umumjahon tan olingan ilmiy nashrlar bazalariga kirish borasidagi saʼy-harakatlarini alohida taʼkidlash joiz. Masalan, universitetning «Yuridik fanlar axborotnomasi – Vestnik yuridicheskix nauk – Review of Law Sciences” huquqiy ilmiy-amaliy jurnali Digital Commons Network global tizimiga integratsiya qilingan, shuningdek, butun MDH hududida tan olingan RINS (E-library) hamda Cyberleninka (cyberleninka.ru) axborot bazalariga kirgan. 2020-yilda universitetda huquq sohasida “TSUL Legal Report” innovatsion elektron xalqaro ilmiy jurnali yaratildi, u legalreport.tsul.uz platformasida maqolalarni chop etadi.

Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti koʻpchilik xalqaro universitetlar hamjamiyatlarining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Masalan, taʼlim muassasamiz Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi, Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi, Yevropa huquq fakultetlari assotsiatsiyasi, Xalqaro universitetlar birlashmasi va Yevropa oliy taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi safiga qoʻshildi.

Bundan tashqari, universitetning jahonda eng mashhur QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), THE (Times Nigher Education) tashkilotlari yuritadigan reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha faol harakatlar olib borilmoqda. Xususan, 2021-yilda Times Higher Education Impact Ranking reytingi natijalariga koʻra, Toshkent davlat yuridik universiteti respublika oliy taʼlim muassasalari ichida eng yuqori natijani qoʻlga kiritib, dunyoning turli davlatlarida joylashgan minglab ishtirokchi universitetlar orasida 401-oʻrinni egalladi.

TDYUU ekologik harakatlar doirasida ham jahonda tanilmoqda. Jumladan, eng soʻnggi yutuqlardan biri – TDYUU “Universitas Indonesia«ning dunyo universitetlarida Yashil iqtisodiyot bilan bogʻliq mavjud holat va siyosat boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini taqdim etuvchi “UI GreenMetric World University Ranking” reytingida dunyoning TOP-500 universitetlari roʻyxatiga kiritilib, 496-oʻringa loyiq deb topildi.

Kecha, yaʼni 2022-yil 15-fevral kuni Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti — Times Higher Education tomonidan Young University Rankings — 2022 (Yosh universitetlar reytingi — 2022) reyting natijalariga koʻra, TDYUU ilk bor yangi turdagi maqom — reportyor (muxbir) universitetlar qatorida eʼtirof etildi.

TDYUU ushbu maqom orqali THEning nufuzli reytinglariga kirish uchun nomzod sifatida tan olinib, mazkur yoʻnalishda Times Higher Education universitetga yaqindan yordam berishga tayyor ekanligi bayon etildi.

Universitetda ilmiy yutuqlarni hayotga joriy etish innovatsion ishga tushirish maydonchalari – startaplar orqali amalga oshiriladi. Ular har bir ustuvor yoʻnalish uchun yaratilgan. Bu borada Yuridik klinika faoliyati alohida eʼtiborga loyiq. Bu tuzilma nafaqat boʻlajak yuristlarni oʻqitadi, balki bu yerda huquqiy texnologiyalarning eng yangi usullari joriy etiladi, seminarlar va yuridik xizmatlarning (shu jumladan, universitetning Legal Tech laboratoriyasida yaratilgan) ilmiy aprobatsiyasi oʻtkaziladi. Misol uchun, zamonaviy elektron taʼlim texnologiyalari Jahon banki bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan “E-University” loyihasida oʻz aksini topgan, bundan tashqari, Legal Tech laboratoriyasi tomonidan Legal City mobil ilovasi va veb-platformasi yaratilgan, ular ommabop Google Play Market platformasida joylashtirildi.

Universitet strategik rivojlanish yoʻlida belgilagan ustuvor yoʻnalishlar universitet missiyasining aniq tasavvurini namoyish etadi, ular nafaqat ilmiy tadqiqotlarni, balki huquqning barcha sohasida eng zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqishni koʻzda tutadi.

Bu universitet yutuqlarini tasdiqlab, yanada yuksak ilmiy natijalarga erishish va faoliyatni har tomonlama xalqaro darajaga koʻtarishga yoʻnaltiradi. Ayni damda mamlakatimizning yetakchi yuridik universiteti sifatida muassasamiz hududlar bilan faol hamkorlik qilib, huquqshunoslikning turli tarmoqlari uchun yuridik kadrlarni tayyorlashni taʼminlaydi. Buning natijasida, bugungi kunda bitiruvchilarning haqiqiy kasb boʻyicha bandlik darajasi 90 foizdan ortiq, bu esa universitetda berilayotgan taʼlim va ish beruvchilar integratsiyasi amalda ekanidan dalolat beradi.

Universitetda ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) modul-kredit taʼlim tizimi qabul qilingan va “ikki tomonlama diplom” dasturlarini amalga oshirish yoʻlida hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu akademik almashinuv dasturiga muvofiq, talaba TDYUU diplomi bilan bir vaqtda xorijiy oliy taʼlim muassasasining diplomini ham oladi, chunki taʼlimning bir qismi hamkor universitetda (masalan, Xitoy, Litva, Qozogʻiston, Belarus va hok.da) davom etadi.

Qolaversa, universitetda talabalarning nafaqat kasbiy tayyorgarligi, balki madaniy, sport va ijtimoiy turmushi uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng kampus, sport maydonchalari, ulkan axborot-resurs bazasi va onlayn buyurtma texnologiyalariga ega eng zamonaviy va texnologik kutubxona mavjud. Milliy va mintaqaviy ish beruvchilarning tobora oʻsib borayotgan ehtiyojlarini, shuningdek, xorijiy talabalar sonining ortib borayotganini hisobga olgan holda, 23 gektar maydonda universitetning eng zamonaviy yangi kampusi qurilishi boshlanmoqda.

Umuman, yuridik taʼlim va fan tizimida munosib oʻrin egallagan Toshkent davlat yuridik universiteti taʼlim xizmatlari sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish, koʻp qirrali xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash yoʻlida ishonchli rivojlanishda davom etmoqda. Universitet strategiyasidan kelib chiqadigan boʻlsak, universitetning yakuniy maqsadi va oʻziga xos missiyasi yuridik taʼlim, innovatsiyalar va amaliyot integratsiyasi sohasida umumeʼtirof etilgan mintaqaviy hamda jahon «xab»laridan biriga aylanishdir.

Nodirbek SALAYEV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

prorektori, yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?