Yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari
Yaqin oʻtmishda yurtdoshlarimiz uchun buyrak yoki jigar transplantatsiyasi, yurak yoki miya sohasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlari deyarli imkonsizdek tuyulardi. Bunday operatsiyalar faqat poytaxt yoki xorijdagi klinikalarda bajarilganligi bois koʻpchilik bemorlar vaqt, mablagʻ va salomatlik borasida katta muammolarga duch kelardi. Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgardi. Sirdaryo viloyatida soʻnggi yillarda tibbiyot tizimining izchil rivojlanishi natijasida, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar koʻpaymoqda. Eng muhimi, ushbu xizmatlar fuqarolar uchun mutlaqo bepul boʻlib, tibbiy sugʻurta tizimi va Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali toʻliq moliyalashtirilmoqda.
Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, 2023-yilda 20 714 ta umumiy jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilgan boʻlsa, 2024-yilda 22 188 tani tashkil qildi. Qolaversa, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni ham yildan-yilga oshib bormoqda. Agar 2023-yilda bunday operatsiyalar 2 300 tani tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib ularning soni yana 500 taga ortib, 2 800 taga yetdi. Bu — faqat statistik oʻsish emas, balki bemorlar salomatligi uchun yangi darajadagi imkoniyatlar demakdir.
Shifokorlarimizning xorijiy tajribasi aynan shu natijalarni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Soʻnggi uch yil davomida koʻplab shifokorlar Rossiya, Turkiya kabi ilgʻor davlatlarda qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslarida qatnashib, amaliy tajriba orttirib qaytdi. Bugun ular olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga tatbiq etmoqda. Sirdaryo tumanida yaqinda oʻtkazilgan buyrak koʻchirish operatsiyasi — bunga yaqqol misol. Yaʼni ellik yoshli bemorga uning oʻz akasi donorlik qildi. Jarrohlik amaliyoti mahalliy mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.
— Bunday darajadagi operatsiyalar avvallari faqat respublika ixtisoslashgan markazlarida yoki xorijda oʻtkazilgan boʻlsa, endilikda biz viloyatning chekka bir tumanida ham shunday masʼuliyatli va murakkab amaliyotni bajardik, — deydi viloyat bosh transplantologi Sherzod Toshmamatov. — Bu yutuq shunchaki natija emas, balki yillar davomida orttirilgan bilim va tajribaning samarasi, zamonaviy jihozlarning amaliyotdagi qoʻllanilishi, eng muhimi, tibbiyot xodimlariga boʻlgan ishonchning natijasidir.
Bugun viloyat tibbiyot tizimi yanada rivojlanish bosqichiga oʻtmoqda. 2025-yil oxirigacha ilk bor jigar transplantatsiyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda bu borada zarur tibbiy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bunday jarrohlik amaliyotlari uchun zarur boʻlgan eng zamonaviy tibbiyot uskunalari ham toʻkis-tugal taxt qilinmoqda.
Bugun Sirdaryodagi barcha yirik tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan. Laparoskopik uskunalar, endoskoplar, angiografiya tizimi, kompyuter tomografiyasi, magnit-rezonans tomografiyasi, sunʼiy nafas oldirish va monitorlash apparatlari, koʻplab zamonaviy diagnostika vositalari — bularning barchasi murakkab operatsiyalarni joyida, qisqa muddatda va xavfsiz oʻtkazish imkonini bermoqda.
Eʼtiborlisi, tibbiy turizm — Sirdaryoda jadal shakllanayotgan yangi yoʻnalishga aylangan. Viloyatdagi ixtisoslashtirilgan shifoxonalarga bugun yurtimizning boshqa hududlaridangina emas, balki Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻoniston kabi qoʻshni davlatlardan ham bemorlar murojaat qilmoqda. Hatto Rossiyadan ham davolanish uchun kelayotganlar qayd etilmoqda. Bu yurtimiz tibbiyoti xalqaro miqyosda ham tanilayotganidan dalolatdir.
Bugungi kunda Sirdaryoda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar aholiga yaqinlashmoqda. Endi aholi eng ilgʻor tibbiy xizmatni oʻz shahrida, oʻz shifokorlari orqali, davlat yordami bilan olmoqda. Bu esa sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan izchil islohotlarning amaldagi samarasidir.
Ahmadali ShERNAZAROV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring