Yuqori natijalarga erishgan pedagoglarga har oyda 50 foizgacha ustama toʻlash tizimi joriy etiladi

19:16 10 May 2023 Siyosat
491 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yil birinchi choragi yakunlarini yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Davlat dasturi 7 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsad va 293 ta banddan iborat boʻlib, ularda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maksadida 105 ta qonun, farmon va qarorlar ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Dastur ijrosi doirasida joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 20 trln soʻm va 11,5 mlrd dollarga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 59 tasining ijro muddati 2023-yilning 1 choragi etib belgilangan. Shundan 53 ta band va kichik bandlar toʻliq bajarilgan.

Ayniqsa, inson kapitalini rivojlantirishning yoʻnalishlarida amalga oshirilgan ishlar samarali boʻldi. Jumladan, har bir fuqaro uchun davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyatini yaratish, kasbga oʻqitish koʻlamini 2 baravar oshirib, jami 1 mln nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Professional taʼlim sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning yangi tizimini joriy etish maqsadida Prezidentimizning “Professional taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning lavozim maoshlari oʻrtacha 20 foizga oshirishga, fidoiy, tashabbuskor hamda yuqori natijalarga erishgan pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik 50 foizgacha ustama toʻlash tizimi joriy etilishiga xizmat qiladi.

Yigʻilishda deputatlar aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish maqsadida amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi.

Fraksiya aʼzolarining qayd etishicha, Davlat dasturidan “Milliy tiklanish” partiyasi gʻoyalariga hamohang boʻlgan koʻplab vazifalar oʻrin olgan. Eng muhimi, birinchi chorakda bajarilishi belgilangan vazifalarning deyarli barchasi ijrosi taʼminlangan.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?