Yuksak mukofot — biz uchun ulkan ragʻbat

Davlatimiz rahbari biz, yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlar ilm-fan va sanʼatda qobiliyatlarimizni namoyon etish, sportda yuqori natijalarga erishish, turli sohalarda oʻz oʻrnimizni topish uchun keng yoʻl ochmoqda. Bunga oʻz hayotim misolida ham guvoh boʻlib kelyapman.
Mamlakatimizda yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishiga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli men rus, ingliz, yapon va nemis tillarida mukammal soʻzlashadigan darajaga yetdim. Xalqaro miqyosdagi bellashuvlar, musobaqalar va tanlovlarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egalladim. Xususan, Niderlandiyaning Gaaga shahrida oʻtkazilgan “IBA International Criminal Court Moot Court Competition 2024” musobaqasida xalqaro sertifikat bilan taqdirlandim.
Yaponiyaning Nagoya universitetida 2024-yil bahorgi semestrda oʻqish uchun eʼlon qilingan tanlovda grantni qoʻlga kiritib, tahsil olishni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro sertifikatga ega boʻldim.
Germaniyaning Regensburg universitetida 2024-yil kuzgi semestrda oʻqish uchun oʻtkazilgan tanlovda Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari orasidan gʻolib chiqib, toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilindim. Shuningdek, Berlin shahridagi Buyuk Britaniyaning konsulligida International English Language Testing System (IELTS) xalqaro imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, 8.0 (C1) darajali IELTS xalqaro sertifikatni ham qoʻlga kiritdim.
AQSHning dunyo reytingida kuchli 100 talikdan joy olgan PennState Dickinson Law universitetiga 2025/2026 oʻquv yiliga magistraturada tahsil olishga eʼlon qilingan xalqaro tanlovda ishtirok etdim. Undan 45 ming dollarlik grant yutib olib, universitetga oʻqishga qabul qilindim. Shu kabi AQSHning dunyo reytingida kuchli 20 talikdan joy olgan Cornell, Berkeley va Boston universitetlariga magistratura bosqichiga qabul qilindim.
Hali oldindagi maqsadlarim ulkan. Orzum qaysi davlatda tahsil olishimdan qatʼi nazar, bilim va koʻnikmalarimni oʻz yurtimda safarbar etish, ona Vatanim ravnaqi yoʻlida xizmat qilishdir. Shu maqsadda 2023-yilning yoz oylarida Termiz shahridagi “Bogʻzor” mahallasida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqiy bilimlarini oshirishga hissa qoʻshish uchun “Huquqiy madaniyat” toʻgaragini tashkil etdim.
Bu yil Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida bir guruh iqtidorli qizlar qatorida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib koʻrilganim erishgan yutuqlarimning eng aʼlosi boʻldi. Zero, xalqimizning ardoqli shoirasi nomidagi Davlat mukofoti biz uchun betakror ragʻbat, katta imkoniyatlar eshigidir.
Gulruxsorabegim ABDUSAIDOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi.
(Surxondaryo viloyati)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring