Yuksak minbardan yangragan konstruktiv takliflar

10:16 26 Sentyabr 2025 Siyosat
117 0

Oʻzbekiston yaqinda oʻzining saksoninchi sessiyasini oʻtkazib, unga dunyoning 140 dan ortiq davlat rahbarlarini yiqqan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganiga 33-yil toʻlgan boʻlsa-da, amalda mamlakatimiz ona sayyoramizning ushbu oliy minbaridan global muammolar yechimiga oid konstruktiv tashabbuslarni yurtimizda shiddatli islohotlarga start berilgan 2016-yildan soʻnggina dadil ilgari sura boshladi. Davlatimiz rahbarining keyingi yillarda butun dunyo ahlini tashvishga solayotgan masalalar hamda tashkilotning barqarorligini taʼminlashga doir takliflari asosida BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizning yorqin dalilidir.

BMT minbaridan yangragan nutqlarida davlatimiz rahbari mintaqaviy xavfsizlik, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan muhim siyosiy bayonotlar bilan chiqib, BMT faoliyatining barcha yoʻnalishiga oid oʻta dolzarb tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq soʻzlar ekan, mazkur yigʻilish shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab global vaziyat sharoitida oʻtayotganini, bu, oʻz navbatida, har bir aʼzo davlatdan tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashni taqozo etayotganini taʼkidladi. Misli koʻrilmagan darajadagi ishonch inqirozi, harbiy toʻqnashuvlar koʻlamining kengayishi tufayli muloqot va muzokaralar yoʻlaklari tobora yopilib qolayotgan bir sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti murosa minbariga aylanishi zarurligini eʼtirof etdi.

Prezidentimiz “Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz” deya Oʻzbekistonning “BMT — 80” tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini, Kelajak uchun paktga qatʼiy sodiqligini tasdiqladi.

Mamlakatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi yutuqlariga toʻxtalar ekan, ishtirokchilar eʼtiborini aniq raqamlar asosida yangi Oʻzbekiston siyosatining bosh yoʻnalishi inson, uning qadri va farovonligi ekanligiga qaratdi. Kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqarib, maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizgacha, oliy taʼlim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizgacha oʻsganini aytib oʻtdi.

Shuningdek, Prezidentimiz 8 yil muqaddam mazkur yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirish boʻyicha qatʼiy qarorga kelganimizni eʼlon qilganini eslatdi va chuqur mamnuniyat bilan bu strategik maqsadga erishilganini taʼkidladi. Xususan, mintaqada soʻnggi yillarda oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi besh barobar oshganligi, qoʻshma jamgʻarmalar va loyihalar tashkil etilgani, mintaqa davlatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari esa siyosiy muloqot mexanizmiga aylangani qisqa fursatlarda oʻz samarasini berganini eʼtirof etdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy minbardan turib, dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Afgʻoniston masalasiga qaratdi. Ushbu mamlakat xalqining tinch va osuda hayotga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini, bu davlatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik oʻta muhimligini taʼkidladi.

Bugun Yer yuzida suv taqchilligi bosim vositasiga aylanib borayotgani sir emas. Ushbu muammo barcha mintaqalarda dolzarbligicha qolib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham daxl etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish rejalashtirilganini taʼkidlab, “mazkur anjuman yakunlari boʻyicha suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash moʻljallanmoqda”, dedi. Bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilish niyatida ekanini taʼkidladi.

Shu bilan birga, Prezident Orol dengizi muammosiga ham toʻxtalib, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda uning qurigan tubida 2 million gektar maydonga shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekilgani, 2030-yilgacha esa bu hududning 80 foizini yashil qoplama bilan qoplash rejalashtirilganini aytib oʻtdi. Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi lozimligini eslatdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ekologik tahdidlar roʻyxatida iqlim migratsiyasi muammosiga ham toʻxtalib, uni tartibga solish uchun xalqaro-huquqiy bazani ishlab chiqishni taklif etdi.

Prezidentimiz mamlakatlar oʻrtasida raqamli rivojlanish va sunʼiy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlab, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellektning amaliy yechimlari va modellarini begʻaraz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini taʼkidladi. Shu bilan bir qatorda, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifini bildirdi. Bu taklif mamlakatning “yumshoq kuch” konsepsiyasiga mos keladi, bunda yoshlarga kelajakning asosiy agenti sifatida qaraladi.

Shuningdek, yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ochishimizni eʼlon qilib, buyuk ajdodlarimiz — mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy maʼnaviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻtkazish niyatini bildirdi. Bu esa Oʻzbekistonning madaniyatlararo muloqot va maʼrifiy islom markazi sifatidagi sobitqadamligining eng yuqori minbardagi ifodasidir.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida Oʻzbekistonning global va mintaqaviy masalalarga oid aniq, prinsipial va dunyo ahlini oʻzaro hamjihatlikka chorlovchi pozitsiyasi toʻlaqonli ifoda etildi. Bu mamlakatimizning izchillik bilan rivojlanib, BMT hamjamiyatidagi kuzatuvchi davlatdan — taraqqiyparvar Qoyalarning faol tashabbuskoriga aylanib borayotganini koʻrsatadi.

Muhiddin KALONOV,

Navoiy davlat universiteti rektori vazifasini bajaruvchi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер