Yuk tashish ruxsatnomalaridan foydalanish tizimida “Ye-logistika” platformasi ishga tushiriladi

14:45 20 Avgust 2024 Siyosat
140 0

Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistondagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida hozirgi geosiyosiy jarayonda Yevropaga anʼanaviy transport marshrutlari boʻyicha yuk tashish cheklani qayd etildi.

Tranzit davlatlar oʻz tashuvchisini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonga berayotgan ruxsatnomalar sonini 3 barobargacha kamaytirdi. Shu oʻrinda, transport korxonalarida 28 ta davlat boʻyicha 20 mingdan ortiq ruxsatnomalar ishlatilmasdan turibdi.

Transport vazirligiga yuk tashish ruxsatnomalaridan foydalanish tizimi oshkoraligini oshirish topshirildi.

Bunda, “Ye-logistika” platformasi ishga tushirilib, eksportchilar uchun qaysi korxonada qancha ruxsatnoma borligini koʻrish, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish imkoni yaratiladi.

Import oʻrnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish uchun zamonaviy texnologiyalar zarur. Bunday asbob-uskunalarga buyurtma berib, olib kelishga koʻp vaqt ketadi.

Lekin, shartnoma muddatidan qatʼi nazar sotib olingan uskuna 180 kunda yetib kelmasa, muddati oʻtgan debitor qarzdorlik yuzaga keladi.

Tadbirkorlar uskuna kelmaguncha boshqa import shartnomalariga toʻlovni amalga oshira olmaydi, oldindan toʻlovsiz eksport qilishi mumkin emas, davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanishi cheklangan.

Shu munosabat bilan endilikda chetdan uskuna va butlovchi qism olib kelishda shartnoma muddati buzilmasa, muddati oʻtgan qarzdorlik boʻlmasligi belgilandi.

Shuningdek, koʻp tadbirkorlar eksport boʻyicha QQSni qaytarishda ortiqcha toʻsiq borligini aytmoqda. Soliq va bojxonani axborot tizimlari bir-biriga ulangan boʻlsa-da, eksportni tasdiqlaydigan hujjat talab etilayapti.

Bundan buyon, bojxona organining eksportni tasdiqlovchi elektron maʼlumoti QQSni qaytarish uchun asos boʻladi, boshqa ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.

Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, saralash, qayta ishlash uskunalari va butlovchi qismlari olib kelinganda sertifikat olishga uch oy vaqt ketayapti.

Sababi, hududlarda sinovlarni toʻliq qamrab oladigan laboratoriyalar yoʻq. Hamma poytaxtga kelishga majbur.

Mutasaddilarga yil yakunigacha Namangan, Samarqand va Xorazmda sinov laboratoriyasi tashkil qilish topshirildi.

Yana bir masala – hozir tadbirkorlar elektron hisob-faktura va tovar-transport yuk xatini alohida 2 ta hujjat sifatida rasmiylashtirmoqda. Tadbirkor yuk xatiga 49 ta maʼlumotni majburiy kiritishi kerak.

Hamma sohaga raqamlashtirish kirib kelgan bir paytda, bunday amaliyotni bekor qilish vaqti kelgani taʼkidlandi. Endi bu hujjatlar yagona shaklga keltiriladi va faqat 4 ta maʼlumot kiritishni oʻzi yetarli boʻladi.

Eksportni keskin oshirish uchun yangi bozorlarga koʻproq kirib borish kerak.

Soʻrovlarda 30-40 foiz korxonalarimiz qaysi mahsulotga tashqi bozorda talab yuqori, qanaqa standart kerak, degan savollarga javob topishga qiynalishini aytgan.

Tashqi bozorda mahsulotlarimiz turining koʻpayishiga, eksportchi korxonalarimiz yangi bozorlarga kirib borishiga xizmat qiladigan tizim yaratiladi.

Bu borada chet elda biznes qilib, katta tajriba orttirgan vatandoshlarimiz va eksportchi korxonalarni bir-biri bilan bogʻlash katta samara berishi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga vatandoshlarimiz bilan yaqindan ishlab, ular bilan “savdo va investitsiya boʻyicha maslahatchi” sifatida hamkorlik qilish, ularning taklif, tashabbus va loyihalariga koʻmaklashish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер