Yozyovonda endi buyrak koʻchirish amaliyoti oʻtkaziladi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumanida soʻnggi yillarda tibbiyot tizimi jadal isloh etilib, tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va yurak-qon tomir kasalliklari markazi tashkil etildi. Markaz zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanib, Quva, Toshloq, Qoʻshtepa tumanlari, Margʻilon shahri, qoʻshni Andijon viloyatning Boʻston va Ulugʻnor tumanlari aholisiga shoshilinch hamda malakali yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Shu tarzda avval poytaxtda, xorijda bajarilgan noyob jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelinmoqda.
Eng quvonarlisi, ilgari koʻpchilik yozyovonlik bemorlar shaharlarda davolangan boʻlsa, endilikda viloyatning boshqa shahar va tumanlari, Andijon viloyatidan Yozyovonga shifo izlab kelmoqda.
— Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabr kungi “2024-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosi boʻyicha oʻtgan qisqa davrda 12 mlrd. 548 mln. soʻm mablagʻ sarflandi, — deydi Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Toshmuhammad Sarimsoqov. — Natijada tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi tugʻruqxona majmuasi, laboratoriya, bolalar va terapiya boʻlimlari toʻliq rekonstruksiya qilindi.
Tugʻruq boʻlimidagi 30 ta xonaga muzlatgich, televizor qoʻyilib, konditsioner oʻrnatildi. Ilgari bemor shifoxonaga choyshab, koʻrpa-toʻshak bilan kelgan boʻlsa, endi tugʻruqxonadan tibbiyot birlashmasi logotipi tushirilgan choyshabdan foydalangach, uyiga sovgʻa sifatida berib yuboriladi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasida bir necha bor gʻolib boʻlib, Ishtirxon, Qatortol oilaviy shifokorlik punktlari mukammal taʼmirdan chiqarildi. Tibbiyot birlashmasining moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, jahon andozalari darajasida jihozlandi.
Ayni paytda bir necha turdagi noyob jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazib kelinayotgan boʻlsa, 2025-yilning birinchi choragidan buyrak koʻchirish amaliyotini ham amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Yozyovon tibbiyotida bir necha yillardan buyon ogʻriqli muammo boʻlib kelayotgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi taʼmiri uchun 2,3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, loyiha ishlari yakuniga yetkazildi. Demak, yangi yilda yuqumli kasalliklar shifoxonasi zamonaviy qiyofaga ega boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring