Yozgi transferlar oynasida 25 million yevro sarflagan “Barselona” chempionlikni saqlab qola oladimi?

14:32 18 Avgust 2025 Sport
148 0

Oʻtgan hafta Ispaniyada La Liga musobaqasi start oldi. Amaldagi chempion “Barselona” dastlabki turda “Malyorka” maydoniga safar uyushtirib, yirik hisobdagi gʻalaba bilan qaytdi.

Bugun Hans Flik boshchiligidagi ushbu jamoaning yozgi transferlar oynasidagi harakatlari va bu yilgi imkoniyatlarini tahlil qilamiz.

Kimlar jamoani tark etdi?

2025-yilgi yozgi transfer oynasida “Barselona” quyidagi futbolchilarini yoʻqotdi:

• Inigo Martines – 9-avgust kuni shartnoma bekor qilinib, Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubiga erkin agent sifatida oʻtdi;

• Aleks Valle – “Komo” klubiga 6 million yevro evaziga sotildi;

• Kleman Langle – shartnoma yakunlangandan keyin “Atletiko Madrid” jamoasiga erkin agent sifatida yoʻl oldi;

• Ansu Fati – Fransiyaning “Monako” klubiga ijaraga berildi;

• Pablo Torre – “Malyorka” klubiga 5 million yevroga transfer qilindi;

• Pau Viktor – Portugaliyaning “Braga” klubiga 12 million yevroga sotildi.

Shuningdek, jamoani bir qator yosh futbolchilar ham tark etishdi.

Yozgi transferlar oynasidan keyin “koʻk-anorranglilar”ning mudofaasida muammo yuzaga kelmoqda. Jamoa bir emas, 2 nafar yaxshi saviyali markaziy himoyachidan ayrildi. Flik esa ular oʻrniga boshqa himoyachi olib kelmadi. Demak, Kataloniya klubi Ronald Arauxo, Pau Kubarsi va Andreas Kristensenga ishonmoqda.

Jamoaga qoʻshilganlar?

“Barselona” yozgi transfer oynasida qatʼiy moliyaviy cheklovlar ostida harakat qilgan boʻlsa-da, quyidagi asosiy transferlarni amalga oshirdi:

• Joan Garsia – “Espanyol” jamoasidan 25 million yevro evaziga sotib olindi;

• Markus Reshford – “Manchester Yunayted” jamoasidan ijaraga olindi.

Moliyaviy muammolar sabab “Barselona” yozda tarkibni jiddiy kuchaytirishga emas, asosiy futbolchilarini saqlab qolishga harakat qildi va buni uddaladi ham. Taʼkidlash kerakki, Rafinya, Gavi, Ferran Torres va Kubarsi kabi futbolchilarga boshqa klublardan yaxshi takliflar boʻldi. Ammo Kataloniya jamoasi ularni oʻz tarkibida olib qoldi.

Markus Reshford (27 yoshda, Angliya fuqarosi, hujumchi)

Bu yozning eng kutilmagan transferlaridan biri boʻldi deyish mumkin. Paytida Ronalduga qiyoslangan futbolchi “Barselona”ga oʻtdi.

Ha, Ronaldu va Messi “erasi” tugayotgan bir vaqtda, futbolga yana ikki daho kirib kelgandi. Messi oʻrnida Mbappe, Ronaldu oʻrnida Reshford. Bu qiyoslovlar haqida koʻp yozilgan...

Lekin ayni paytda hech kim Markus Reshfordni Ronalduga oʻxshatayotgani yoʻq. Oʻtgan mavsum undan qadrdon jamoasi “Manchester Yunayted”ni voz kechgani oʻzi ushbu futbolchini abgor holatda ekanini koʻrsatadi.

Markus soʻnggi intervyularining birida Lamin Yamal bilan bir jamoada oʻynash niyatida ekanligini aytgandi. Ushbu niyat amalga oshdi.

Uning oʻyiniga toʻxtalsak, Reshford tezkorlik va dribling boʻyicha yuqori darajaga ega boʻlib, bu “Barselona”ning qanotlarda tezkor hujum qilish falsafasiga mos keladi.

U ochiq hududlardan foydalanishni yaxshi biladi, ammo “Barselona” koʻproq tor hududlarda kombinatsion oʻyin oʻynaydi. Demak, bu jihati bilan u yoki jamoa oʻyiniga yangilik olib keladi, yoki jamoaviy oʻyindan “tushib qoladi”.

Reshford chap qanotdan markazga keskin kirib zarba berishni yaxshi koʻradi. Bu esa “Barselona”ning Messi davridagi “kesuvchi futbol” falsafasiga oʻxshaydi.

Umuman olganda, Reshfordning shaxsiy xususiyatlari “Barselona”ga qoʻshimcha hujum quroli boʻlishi mumkin, biroq u bu jamoa uslubiga toʻliq moslashishi zarur.

Joan Garsiya (24 yosh, Ispaniya fuqarosi, darvozabon)

Soʻnggi yillarda “Barselona” jamoasida darvozabon masalasi jiddiy muammolardan biri boʻlib kelayotgandi. Ter Shtegenning jarohatlari va baʼzida noaniq oʻyinlari jamoa uchun ishonchsizlik hissini uygʻotdi. Ayniqsa, katta oʻyinlardagi xatolar katta muhokamalarga sabab boʻldi.

Shu bois klub rahbariyati yozgi transfer oynasida asosiy eʼtiborni aynan darvozabon pozitsiyasiga qaratdi. Ham himoyada, ham hujumda kuchayish zarur boʻlganiga qaramay, ishonchli posbon topish birinchi oʻrinda turdi.

Mana shu sharoitda “Barselona” yangi nom – Garsiyani olib keldi. Uning transferi kutilmagan boʻlsa-da, jamoa uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. Garsiya yosh, ammo katta tajribali darvozabon sifatida tanilgan. U tezkor reaksiyasi, baland sakrashi va 1x1 vaziyatlardagi oʻyini bilan eʼtibor qozongan.

“Barselona”dagi soʻnggi yillardagi asosiy muammo – darvozabonning toʻp bilan yaxshi muomala qila olmasligi edi. Chunki jamoa uslubi toʻpni orqadan boshlab nazorat qilishni talab qiladi. Garsiya esa aynan shu jihati bilan ajralib turadi: u toʻpni toʻgʻri uzata oladi, himoyachilar bilan ishonchli kombinatsiya quradi.

Shuning uchun ham klub rahbariyati unga ishongan holda katta qadam tashladi. Bu transfer orqali “Barselona” darvozabon masalasini hal etishni, jamoa tuzilishini yanada mustahkamlashni koʻzlamoqda.

Jamoaning bu yilgi imkoniyatlari

“Barselona” oʻzining oʻtgan yilgi tarkibini saqlab qola oldi. Jamoa oʻyin falsafasi bu yil ham oʻtgan yilgidek boʻladi. Darvozabon muammosi hal boʻlgani esa jamoaga qoʻshimcha plyus beradi.

Bu mavsum ushbu jamoadagi futbolchilar yana 1-yilga ulgʻaydilar. Ulardan yanada kattaroq natijalar talab qilina boshladi. Kataloniya klubi bu mavsum nafaqat Ispaniyada, balki, Yevropada ham musobaqa bosh sovrinini yutish uchun asosiy daʼvogar jamoalar qatorida turibdi. Jamoaning imkoniyatlari ancha yaxshi. Buyogʻiga nima boʻlishini esa vaqt koʻrsatadi.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер