Yozgi bolalar oromgohlari bolajonlarni oʻz bagʻriga chorlamoqda

11:12 06 Iyun 2024 Jamiyat
243 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatidagi bolalar yozgi dam olish maskanlari ilk dam oluvchilarni qabul qildi. Buning uchun keng koʻlamdagi taʼmirlash, qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.

— Farzandlarimiz maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo, — deydi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyati boshqarmasi masʼul xodimi Akbarjon Xoʻjayev. — Avvalo, 565 nafar tajribali pedagoglardan tarkib topgan tarbiyachilar jamoasi amaliy-seminarga jalb etilib, malaka oshirish mashgʻulotlari olib borildi. Maʼnaviy, maʼrifiy kechalar tashkil etish, sport musobaqalarini oʻtqazish, koʻngilli dam olish uchun reja dasturi ishlab chiqildi. Shuningdek, farzandlarimizning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun maxsus tadbirlar jadvali tuzildi. Kutubxona, oshxona, yuvinish xonasi, basseyn, sogʻlomlashtirish xonasi, sport maydonlari ularning xizmatida.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning 230 nafar farzandlari ham yozning dastlabki kunlarini “Energetik” bolalar oromgohida oʻtkazmoqda.

— Buning uchun maskanda barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi filial Axborot xizmatining rahbari Muxlisaxon Sobirova. — Oʻgʻil-qizlarning 10 kun davomida koʻngilli hordiq chiqarishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Jumladan, turli musobaqalar tashkil etilib, badiiy jamoalarning konsert dasturlari uyushtiriladi. Qoʻgʻirchoq teatrining yangi namoyishlari ham manzur boʻladi, degan umiddaman. Oromgohning Buloqboshi tumanidagi togʻ yonbagʻrida joylashganligi esa farzandlarimiz salomatligiga koni foyda, albatta.

Bu yil mavsumda viloyatdagi mavjud 14 ta bolalar oromgohi 4 bosqichda ish olib boradi. Bu vaqt mobaynida 7 ming 810 nafar oʻgʻil-qizlar dam oladi. Qolaversa, umumtaʼlim maktablari qoshida tashkil etilgan 50 ta kunduzgi oromgohlar 10 ming 400 nafar oʻquvchilarni oʻz bagʻriga oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?