Yoz soz oʻtsin desangiz... Fotoreportaj

17:32 19 Iyun 2024 Jamiyat
280 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”

Shu kunlarda mamlakatimizda issiq harorat kuzatilmoqda. “Oʻzgidromet” agentligi xabariga koʻra, joriy ish haftasi oxirigacha Oʻzbekiston hududi boʻyicha issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzgi havo harorati 34-39 daraja atrofida, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 41 darajagacha boʻladi.

Poytaxtimizda asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat kechga tomon momaqaldiroq boʻlishi, shaharning ayrim joylarida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat kechasi 20-25 daraja, kunduzi 35-38 daraja boʻladi.

Xoʻsh issiq kunlarda nimalarga eʼtibor berish lozim?

Yaʼni jazirama faslda oftob urishi, xalq tili bilan aytganda dam oʻtishi eng koʻp uchraydigan holatlardan biri. Shu bois undan saqlanish uchun bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim.

— Har bir faslning inson salomatligi uchun ijobiy va salbiy taʼsirlari bor, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov. — Xususan, yozda quyosh tigʻida uzoq vaqt bosh yalang va badanni himoya qilmagan holda qolish — oftob urishiga sabab boʻladi.

Afsuski, koʻpchilik bu holatga “biroz dam oʻtibdi” deya bepisandlik bilan qaraydi. Aslida esa unga eʼtiborsiz boʻlish, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Chunki quyosh urishi — eng xavfli holat boʻlib, u tashqi termal omillar taʼsirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meʼyorda ushlab turish qobiliyatini yoʻqotishi natijasida yuzaga keladi.

Uning asosiy belgilari kuchli bosh ogʻrigʻi, terlashning toʻxtashi, teri quruq va qizargan boʻlishi, tez va kuchli yurak urishi, tez-tez nafas olish, oʻtkir nafas qisishi, bosh aylanishi, qusish yoki koʻngil aynishi kabi holatlarda namoyon boʻladi. Ogʻir holatlarda esa bemorda alahsirash kuzatiladi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha koʻtarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga koʻchirib oʻtkazish lozim. Soʻng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal koʻtarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror nam matoni yurak sohasiga qoʻyish kerak. Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan insonga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur.

Issiqlik urishining oldini olish uchun bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim. Xususan, jazirama kunlarda organizm koʻp suv talab qiladi. Shu bois suvsizlanishning oldini olish uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik ichish (sovitilgan koʻk choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʻli sutli ichimliklar) lozim. Toʻgʻri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi kremlar, koʻzoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.

Koʻchaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur. Chunki ular organizmni sovitish va ultrabinafsha nurlardan himoyalashga yordam beradi. Havo harorati yuqori boʻlganda ogʻir jismoniy ishlarni cheklash va koʻproq yopiq joylarda boʻlish maqsadga muvofiq.

Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish aʼzolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan ogʻriydigan bemorlar issiqlik urishiga koʻproq moyil. Shu sababli ular salomatligini muntazam kuzatib borish muhim.

“Xalq soʻzi” muxbiri ayni quyoshli kunlarning issiq taftini foto kameraga muhrladi.

Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер