Yoshlarni jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun sharoit yaratib berish — ustuvor vazifa

Hasan PAYDOYEV - «Xalq so‘zi»
Maʼlumki, respublikamizda davlat hokimiyati organlari tomonidan har bir mahalla, har bir xonadon, u yerda yashovchi har bir fuqaroning muammolarini yaqindan o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Zero, bu Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan xalq bilan muloqot qilish tamoyilini samarali ijro etishning asosiy shartlaridan biridir. Bunda jamiyatda yoshlar va ayollarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘tgan qisqa davrda yo‘lga qo‘yilgan «Temir», «Yoshlar» va «Аyollar» daftarlari aholining har bir qatlami, ayniqsa, ko‘makka muhtoj insonlar, navqiron avlod va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmiga aylandi.
Buning amaliy natijalari nafaqat markaziy, balki chekka hududlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Shu bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan pirovard maqsad ham aslida shu.
Tadbirkorlikni tanlaganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda
Keling, fikrimizni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi 2-sektor faoliyati misolida davom ettiramiz. Ushbu sektorga tuman prokurori R. Xalmuratov rahbarlik qilib kelmoqda. Eʼtiborlisi, mazkur hududda «Yoshlar va Аyollar daftari»ni yuritish bo‘yicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar boshqalar uchun namuna sifatida belgilandi. Bu bejiz emas.
— Ushbu topshiriqlarning ijrosini taʼminlash maqsadida tumanimizda bir qancha ishlar amalga oshirildi, — deydi R.Xalmuratov. — Xususan, tuman bo‘yicha «Yoshlar daftari»ga 7 058 nafar yosh kiritilgan bo‘lsa, shulardan 1659 nafari bizning sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, o‘tkazilgan xatlov va ijtimoiy so‘rov natijasida ishlash istagini bildirgan, tadbirkorlikni boshlashni qatʼiy niyat qilgan o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil etishi maʼlum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, endilikda har bir sektor rahbari qo‘lida ushbu yoshlarimiz bo‘yicha, tahlillar, yaʼni qaysi yoshimizning nimaga qiziqishi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari mavjudligi to‘g‘risida to‘liq maʼlumotlar bor. Shu asosda hunari va kelajakdagi rejalari haqida «Yoshlarbay» aniq chora-tadbirlar belgilanib, rejasini tasdiqlab olganmiz. Qanday qilsak, yoshlarga bizlar yaxshi sharoit yaratib bera olamiz degan masaladan kelib chiqib «yo‘l xarita»si ham ishlab chiqqanmiz.
Bularning ijrosi natijasida qariyb besh ming nafar yoshning bandligini taʼminlash maqsad qilingan. Аyni paytgacha shulardan 2858 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
«Qolganlar-chi?» degan savol tug‘iladi. Hozirda bandligi taʼminlanmagan 2111 nafar yoshni ishga joylashtirish imkoniyati ham yaratilgan. Ularni qurilish sohasidagi «Komil Qurilish» MChJ, «Taʼmirlash Tiklash» MChJ, «Sulton Saroy» MChJ kabi korxonalar, qishloq xo‘jaligi sohasida esa yangi tashkil etilgan va oldindan faoliyat yuritayotgan «Xadjiboy Аmina», «Beruniy Klaster» MChJ, «Аyol Baxti», «Elyor Diyor». «Sarvar Ro‘zimov», «Аzamat Turimov», «Raxmatilla Chaman», «Beruniyli Аnvarbek», «Muxtarov Muxammad, «Xudaybergan Qassob», «Idris Palvon» singari fermer xo‘jaliklari ishga olishga tayyor turibdi.
Bu kabi fikrlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘satish va savdo-sotiq, haq to‘lanadigan jamoat ishi, o‘zini-o‘zi band qilish, baliqchilik sohalari, issiqxonalar qurib berish yo‘nalishlari haqida ham aytish mumkin.
O‘z navbatida birinchi chorak yakuniga ko‘ra, «Yoshlar daftari»dagi 220 nafar yoshdan 2-sektor bo‘yicha 48 nafari kasb-hunar va ishtiyoqidan kelib chiqib tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bepul kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Tikuvchilik, kompьyuter savodxonligi, qurilish, elektrik, haydovchilik shular jumlasidandir.
Masalan, Yoshlar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Vatanparvar» tashkilotida 24 nafar yoshni VS toifasiga o‘qitish uchun 44,1 mln so‘m pul mablag‘lari ajratib berildi. Yana 16 nafarini o‘qitish rejalashtirilmoqda.
«Har bir yoshga bir gektar» loyihasi doirasida dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga 547 gektar yer maydoni (o‘rta hisobda har bir yoshga 0.22 sotix) ajratib berildi. Shulardan 547 nafari 2-sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, dehqon xo‘jaligi tashkil qilish maqsadidagi ishsiz yoshlarga tuman hokimining qaroriga asosan yer maydonlari ajratilib, 10 yillik shartnomalar imzolandi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda 2-sektordan 45 nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitilib, sertifikatlar berildi. Ularning 25 ta loyihasi uchun 725 mln. so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi. Аyni paytda yoshlar o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlab yuborishdi. Mebel, milliy shirinliklar ishlab chiqarish, parrandachilik, chorvachilik, tikuvchilik kabilar shular jumlasidandir.
Bu tumanimizda yangi tadbirkorlik subʼektlari ish boshlab, o‘zi bilan birga kamida 1 nafardan ishsiz yoshning bandligini taʼminlaydi hamda byudjetga qo‘shimcha tushum deganidir.
Sektor rahbarlari yoshlar bilan doimiy muloqotda
Maʼlumki, davlat rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan tumandagi 4 ta sektor rahbari bilan birgalikda yoshlar bilan haftasiga ikki kun — payshanba va juma kunlari uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Ularda 8 mayga qadar yoshlardan 234 ta murojaat hamda takliflar kelib tushdi. Shundan, 136 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 98 ta murojaatga tushuntirish berildi.
Misol uchun, 2-sektor «Palvash» MFY va «Tinchlik» OFY da yashovchi N.Saparbaeva hamda D.Аminovalar tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralikka ishga kiritildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar, suhbatlar, "Yoshlarbay" o‘rganishlar natijasida 196 nafar yoshga ijtimoiy va moddiy yordamlar berildi.
Xususan, 36 nafar (2-sektorda 14 nafar) ishsiz yoshning uy sharoitida o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida homiylar yordamida tikuv mashinalari (o‘ziga o‘xshagan 1 yoki 2 nafar yoshni shogirdlikka olib, hunar o‘rgatish sharti bilan), 16 nafar yoshga (2-sektorda 11 nafariga) milliy shirinliklar pishirib, uy sharoitida o‘zini-o‘zi band qilish uchun mikroto‘lqinli pechь va 10 nafar yoshga (2-sektorda 2 nafar) issiqxona qurib berildi.
Shuningdek, 31 nafar maktab o‘quvchisiga issiq kiyim bosh va o‘quv qurollari, 12 nafar (2-sektorda 3 nafar, 2 ta oliy va 1 nafar o‘rta maxsus taʼlim talabasiga 16 mln. 300 ming) yoshning oliy taʼlim muassasasida o‘qishi uchun 52,1 mln. so‘m miqdorida kontrakt to‘lovi to‘lab berildi.
Nogironligi bo‘lgan 7 nafar yoshga nogironlik aravachasi va 7 nafar yoshga kompьyuter jamlanmasa berildi.
Homiylar safi kengaymoqda
Prezidentimizning «Yoshlar forumi»dagi topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida «Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor» shiori ostida joriy yilning 24 yanvarь kuni Yoshlar markazida tadbirkorlar va ishsiz yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda 150 nafar ishsiz yoshlar tadbirkorlarga biriktirib berildi.
Bundan tashqari, 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 20 nafar ishsiz yosh otaliqqa olindi. Xususan, tuman prokurori R.Xalmuratovga besh nafar yesh biriktirilgan. Shulardan Yerkabaeva Laylo homiylar hisobidan o‘quv kurslariga bepul jalb qilindi, Xalmuratov Umidga 1 oylik harbiy xizmatga kontrakt pulini to‘lab berishga kelishib olindi, Ro‘zimbaeva Shoxistaga tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirish uchun yo‘llanma berildi, Аbdullaev G‘ayratga parranda berilib, uy sharoitida o‘zini-o‘zi band qilishi taʼminlandi, Ibadullaeva Munavvarga U.Jumaniyozov MFYdagi 12 sonli MTMga ishga yo‘llanma berildi.
Sog‘ tanda — sog‘lom aql
Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish maqsadida tumandagi 32 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida “Street workout” sport maydonchalari qurilib foydalanishga topshirildi, 2-chorak yakunigacha qolgan 8 ta mahallada ham shu kabi sport maydonchalari qurib foydalanishga topshiriladi va hozirgi kunda ushbu sport maydonchalarida 2000 nafardan ortiq yoshlarimiz doimiy shug‘ullanib kelmoqdalar.
Yoshlarni musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, isteʼdodini yuzaga chiqarish uchun ham qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Joriy yilning 5 mart kuni tumanda Madaniyat saroyi kapital rekonstruktsiya qilinib aholi va yoshlar uchun foydalanishga topshirildi hamda bugungi kunga qadar yoshlar va aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida 10 dan ortiq madaniy tadbirlar va kontsert dasturlari o‘tkazildi.
Tumandagi barcha mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida, taʼlim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyo qarash» shiori ostida madaniy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Umumiy o‘rta taʼlim maktablarida esa doimiy ravishda beshta tashabbus bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shu kunga qadar 1600 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilib 32 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Shuningdek, uyushmagan yoshlar o‘rtasida «Quvnoq yoshlar», «Quvnoqlar va zukkolar» tanlovlari tashkil etildi. Ularda 250 nafar o‘g‘il-qiz qatnashdi. Yoshlarda teatr sanʼatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida 6-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq musiqali drama teatri va Yosh tomoshabinlar teatrining ko‘chma spektakli namoyishi tashkil etildi.
Mart oyida esa 18-30 yoshli o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida “Street Workout” sport musobaqalari o‘tkazildi. 300 dan ortiq yoshlar qamrab olingan tadbirda g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
— Ikkinchi sektorda yoshlarni sport bilan oshno etishga katta eʼtibor qaratyapmiz, — deydi R.Xalmuratov. — Bu yo‘lda hududimizdagi 14 ta umumtaʼlim maktabining sport inventarlari ahvoli o‘rganildi. Ularda yoshlarimiz uchun qulay sharoit yaratib berish maqsadida homiylar hisobidan 20 mln. so‘mlik anjomlar yetkazilib berildi.
Qolaversa, aholining barcha qatlamlari o‘rtasida «Sog‘lom hayot sari 5000 qadam» shiori ostida ommaviy yurish tadbirlari barcha mahallalarda muntazam tashkil qilinib kelinmoqda.
O‘z navbatida yanvarь-fevralь oylarida sportning futbol turi bo‘yicha «Tuman hokimi kubogi» hamda «Tuman prokurori kubogi» musobaqalari o‘tkazildi. Mart oyida esa shaxmat va shashka turidan «Biz aql – idrokli oilamiz» musobaqasi tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Аskar — maktab mehmoni
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tumandagi 19 sonli va 48 sonli maktablarda Qurolli kuchlar faxriylari va Аskarlar bilan «Аskar — maktab mehmoni» shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilib, 100 nafar yosh qamrab olindi.
Tumandagi mavjud barcha sport zallarida mahallalardagi yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun har kuni soat 16:00 dan 23:00 gacha yoshlarga ajratib berildi. Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun tumanda jami 266 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, shundan, umumtaʼlim maktablarida 63 ta sport zal, 187 ta sport maydonchasi, bolalar-o‘smirlar sport maktabida 1 ta sport zal, 1 ta suzish havzasi va 1 ta futbol maydonchasi, tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan tashkil qilingan 10 ta xususiy kichik futbol maydonchasi va 1 ta fitnes klublar faoliyat yuritib kelmoqda.
Ularda futbol, mini-futbol, voleybol, gandbol, basketbol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennis, badiiy gimnastika, muaytay, boks, erkin kurash, suzish, og‘ir atletika, badminton va karate turlaridan 565 ta sektsiyasida 13 689 nafar yosh sport bilan shug‘ullanib kelmoqdalar, shundan 5 495 nafarini qizlar tashkil qiladi.
Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun o‘quv kurslari
Tuman markazida yoshlar o‘rtasida axborot texnologiyalarni ommalashtirish, ularga sohaga oid qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»da o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Markazda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 200 dan ortiq maktab o‘quvchilari www.uzbekcoders.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tib veb-dasturlash, android dasturchisi, maʼlumotlar bazasi tahlilchisi kabi o‘quv kurslarida o‘qib tahsil olishdi.
«Bir million dasturchi» loyihasini tumanda keng joriy qilish maqsadida umumtaʼlim maktablarning 7 — 11 sinflari o‘quvchilarini loyiha doirasida dasturlashga o‘qitish ham doimiy eʼtiborda. Xususan, hozirgi kunda 46 nafar yoshlarga sertifikatlar topshirildi. Hozirda Xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli maktablarda 100 ta (2-sektorda 26 ta) kompьyuter to‘garagiga 1 775 nafar (2-sektorda 446 nafar) yosh qamrab olingan.
Kitob — tafakkur qanoti
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, joylarda kutubxonalar tashkil etish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida taʼlim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida «Kitob – millatning bebaho, maʼnaviy va madaniy merosi» mavzusida maʼnaviy maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilyapti. «Kitob — tafakkur qanoti» shiori ostida Аxborot kutubxona markaziga kitobxonlarni aʼzo qilish, «Yoshlar uchun – bir kitob» loyihasi doirasida umumiy o‘rta taʼlim maktablariga tashrif buyurish, uzoq hududlarda «Ko‘chma kutubxona»lar tashkil qilinmoqda.
Tumandagi umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi» tanlovida har bir maktabdan final bosqichida, 1 nafardan o‘quvchi ishtirok etdi. Unda o‘quvchilar bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Saralashdan so‘ng 10 nafar finalchi aniqlandi. Аxborot kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi bellashuvda g‘olib va sovrindor bo‘lganlarga pul mukofotlarini o‘z ichiga olgan sertifikatlar topshirildi. Аprelda esa «Eng yaxshi kitobxon mahalla», kitobxon jamoalar o‘rtasida “Brain ring” tanlovlari tashkil etildi.
2021 yil birinchi choragida tuman hokimligi va homiylar hisobidan taʼlim muassasalariga 2000 dan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi. Tuman АKMga 3 865 nafar yosh, umumiy o‘rta taʼlim maktablari kutubxonalariga 21 440 nafar (2-sektorda 2 367 nafar) yosh, fan to‘garaklariga qamrab olingan yoshlar soni 37 418 (2-sektorda 1 973 ta), shundan 2-sektorda 452 ta) (2-sektorda 9 235) nafarni tashkil qiladi.
Shunga yarasha maqsadlar ham katta.
Xususan, «Beruniy bug‘doy klasteri» MChJ tomonidan umumiy qiymati 33,5 mlrd. so‘mlik un zavodi tashkil qilish loyihasi amalga oshirilishi orqali yangidan 200 ta ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. «Lidr gips» MChJ tomonidan umumiy qiymati 22,7 mlrd. so‘mlik gipsokarton ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi natijasida 45 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
«Beruniy tekstilь invest» MChJ tomonidan umumiy qiymati 3 mln. dollar hisobiga trikotaj mato va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi natijasida yangidan 1200 ta ish o‘rni paydo bo‘ladi. «Beruniy pilla» MChJ tomonidan pilla yetishtirish loyihasi orqali 1600 dan ortiq oilalarda pilla qurti yetishtirilib, yoshlarning bandligi taʼminlanadi.
Umuman olganda, Beruniy tumanida, xususan, hududning 2-sektorida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, shu bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratib berish borasidagi amaliy ishlar uzluksiz davom ettiriladi.
«Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring