Yoshlarni giyohvandlikdan qanday himoya qilamiz?
“Narkotadbirkorlik” har doim oʻz nigohini shimoliy yoʻnalishlarga qaratib, ularning Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Respublikamizdan narkotik moddalar tranzitida foydalanishga urinayotganligi bugun hech kimga sir emas. Mazkur yoʻnalishda giyohvandlik moddalarning maʼlum bir qismi tranzit mamlakatlarda qolib, oʻz isteʼmolchisini oʻsha hududdan axtaradi. Achinarlisi, narkobogʻliqlikning yildan-yilga yasharib borayotganligidir. Bunda aniq raqamlarga eʼtibor qaratsak, ularning toʻqson foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi.
— “Tajribali” giyohvandlar birinchi navbatda oʻziga toʻq oilalar farzandlarini tuzoqqa ilintirib, oʻz safiga qoʻshib olishga harakat qiladi. Buning uchun birinchi bor “tatib koʻrish”ga bepul doza berishadi. “Xumor”ga tushirib olgach, uni “sogʻish”ni boshlaydi, — deydi Navoiy viloyati IIB Tezkor Qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻlimi boshligʻi Shahzod Qodirov. — Oqibatda u ham bor mulkidan ayrilib, sogʻligʻini yoʻqotib, bir doza uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydigan manqurtga aylanadi. Agar statistikaga eʼtibor qaratsak, oʻgʻirlik, tovlamachilik, qotillik kabi ogʻir jinoyatlarning aksariyati giyohvand moddalar taʼsiri ostida yoki giyohvand moddalar olish uchun sodir etilganligini kuzatish mumkin.

Darhaqiqat, giyohvandlik atrofdagilarning ozori. Mamlakatimiz rahbari joriy yilning 27-yanvarida Respublikamizda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan tanqidiy-tahliliy yigʻilishda narkojinoyatchilikni davlat va jamiyat xavfsizligiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid qiluvchi jinoyat sifatida qayd etib, uning ogʻir oqibatlari, jamiyat osoyishtaligiga tahdid soluvchi illat ekanligini va giyohvandlikka qarshi kurashish huquq tartibot idoralari yoki tibbiyot xodimlarining ishi deb emas, balki keng jamoatchilikning burchi deb qaramoq joizligini taʼkidladi.
— Giyohvandlik asorati har qanday davlatda kriminogen vaziyatni chigallashtiradi, — deya davom etadi Sh. Qodirov. — Tahlillarga koʻra, dozaga pul topish uchun giyohvandlarning sakson foizdan ortigʻi oʻgʻrilikka qoʻl urishadi. Qotilliklarning 10-15 foizi giyohvand moddalar taʼsiri ostida sodir boʻladi. Qotillik, 5-10 foizi boshqa turdagi jinoyatlarga qoʻl urishadi. Giyohvandlik jinoyatini jilovlash koʻplab jinoyatlarning oldini olishda muhim omil boʻladi. Mazkur yoʻnalishda olib borilgan choralar hamda oʻtgan yil davomida oʻtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida giyohvandlik moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jami 456 ta jinoiy holatlar aniqlandi. Ularning 170 tasi oʻtkazish, 142 tasi saqlash, 113 tasi yetishtirish, 20 tasi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni muomalaga kiritish, 1 tasi esa kontrabanda kabi jinoyatlarni tashkil qiladi. Aniqlangan holatlarda jami 20 kg 347 gramm giyohvand moddalari 3 742 dona kuchli taʼsir etuvchi moddalar olindi.

Giyohvandlik bir kishi yoki bir oilaga emas, balki butun boshli jamiyatga tashvish orttirishi bilan asoratli. Uni davolashga, sogʻlom turmush tarziga qaytarishga byudjetdan har yili million-millionlab soʻm mablagʻ ajratiladi. Shuningdek giyohvandlik oqibatida tugʻilgan nogiron farzand ham butun umr uning azobini tortadi.
— Narkobogʻliqlik har doim fojea bilan yakun topadi. Giyohvandlarning uchdan bir qismi dozani oshirib yuborish, salkam ellik foizi esa turli xastaliklarni yuqtirib olish oqibatida hayotdan koʻz yumadi, – deydi faxriy narkolog vrach Suvon Norov. – Ulardan tugʻilajak farzandlarning ham qariyb 93-95 foizi turli nuqsonlar bilan dunyoga keladi.
Albatta, giyohvandlikni davolashda eng avvalo uning qoninigina emas, mubtaloning ruhiyatini tozalash lozim. Shundagina u qaytib bunga qoʻl urmaydi. Tajribamdan amin boʻlganmanki, aksariyat mubtalolar oʻtgan safar davolanib xalos boʻldim-ku, zoʻr boʻlsa, yana bir safar davolanarman, degan taskin bilan yana “igna”ga oʻtirishadi. Misol uchun Sh. ismli shaxs ikki bor davolanib chiqqanligiga qaramay yana shu illatga qoʻl urib, shu oraliqda gepatit xastaligining ogʻir formasini orttirib oldi. Bugun u jigar sirrozi bilan oʻlim toʻshagida yotibdi.

Afsuski, giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanib, yuzlab oilalarga kulfat keltirishdan foydalanayotgan shaxslar ham uchrab turadi. Xususan, asli karmanalik 62 yoshli fuqaro ham bugun shunday holatda gumonlanmoqda. Oila, yaqinlar davrasida yoshlarga nasihat qiladigan yoshdagi otaxon jinoyatligini bila turib giyohvand modda savdosiga qoʻl urgan.
Navoiy viloyati IIB TQX xodimlarining navbatdagi tezkor tadbiri davomida fuqaro mijoziga 14.85 gramm marixuannaga oʻxshash moddani kelishilgan 500 ming soʻm pullarga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib uning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda qariyb 1 kg 35 gramm selofan paketlarga oʻralgan marixuanna moddasiga oʻxshash modda borligi tasdigʻini topdi. Mazkur modda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublika Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

– Mustaqilligimiz bizga bergan inʼomlarning qadriga yetgan odam bunday ishni qilmaydi, — mehnat faxriysi Samad bobo Bozorov. – Ana yer va suv nima eksang ek, daromad ol, deb turgan paytda oilalarga ogʻu yetkazib berayotgan, shu bilan roʻzgʻoriga pul olib kirayotganlarni qoʻni-qoʻshni bilmaydimi? Bunday illatlarga nisbatan loqaydlik ham pastkashlikdan boʻlak narsa emas.
Giyohvandlikka qarshi kurashda barcha vositalarni ishga solish muhim. Boisi giyohvand hech qachon tinch turmaydi, tunu kun tuzoq toʻqiydi. Uning tuzogʻiga esa yoshlarning ilinayotgani oʻta achinarli holat. Qolaversa, narkobogʻliqlik kriminogen vaziyat beqarorligining ildizi ekan, uning oqibat va asoratlari ham jamiyatning hech bir fuqarosini chetlab oʻtmaydi.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring