Yoshlar uchun zamonaviy bilim dargohlari

17:36 10 Sentyabr 2025 Jamiyat
118 0

Joriy yilda Buxoro davlat universiteti Qorakoʻl akademik litseyini 201 nafar oʻquvchi bitirdi. Eʼtiborlisi, ularning hammasiga oliy oʻquv yurti talabasi boʻlmoq baxti nasib etdi. Bitiruvchilarning 191 nafari, yaʼni 95 foizi davlat granti asosida oʻqishga kirganini aytmaysizmi Sirasini aytganda, qorakoʻllik yoshlarning ilm-fan sirlarini puxta egallashlari, nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan olimpiadalarda ham yuqori natijalarga erishishlari odatiy holga aylangan.

Litsey masʼullarining taʼkidlashlaricha, oʻgʻil – qizlarning koʻngliga yoʻl topish, ishga ularning qiziqish va ishtiyoqlarini inobatga olgan holda yondashish yutuqlar garovi boʻlyapti. Talabchan ustozlaridan bir chimdim mehr koʻrgan, qattiqqoʻlliklarini koʻngilga olmagan oʻquvchilar oʻqish, izlanishni kanda qilishmayapti.

-Bilim dargohimizda ustoz – shogird anʼanasi mustahkam qaror topgan,- deydi litsey direktori Gʻolib Jumaqulov.- Pedagoglar ham, oʻquvchilarimiz va ularning ota – onalari ham davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart – sharoitlardan oqilona foydalanish kerakligini chuqur his etishadi. Biz uchun vaqt har narsadan qimmat. Yoshlarning bilimlarini charxlab borish evaziga aytsa arzigulik natijalarga erishyapmiz. Masalan, oʻtgan oʻquv yilida bitiruvchilarimizning 95 foizi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritib, ishonchimizni oqladi.

Gʻ. Jumaqulovning yosh avlodning taʼlim – tarbiya olishi uchun yaratib berilayotgan shart – sharoitlardan soʻz ochishi bejiz emas. Bugun nafaqat mazkur litsey, balki viloyatdagi boshqa oʻquv dargohlariga ham borgan kishi ularda shu kun talabi asosida oʻqish, zamonaviy ilm – fan sirlarini egallash uchun qulayliklar yaratilgani shohidi boʻladi.Bu taʼlim sohasini isloh qilish borasidagi davlat siyosati natijasi, albatta.

Birgina joriy yilning oʻzida viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi 271 ta muassasada qurilish – taʼmirlar ishlari hamda ular moddiy – texnika bazasini mustahkamlash yumushlari bajarildi. Keng qamrovli ushbu tadbirlar uchun 1 trillion 178 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Bunaqasi hali viloyat taʼlimi tarixida kuzatilmagan edi, desak xato qilmaymiz.

Bugungi kunda Buxoro, Gʻijduvon shaharlarida xususiy oʻquv markazlari, maktablar ham samarali faoliyat yuritayotganini koʻrish mumkin. Eʼtiborlisi, chekka hududlarda ham biz koʻrib odatlangan davlat umumtaʼlim maktablariga yaxshi maʼnodagi raqobatchi ilm maskanlari paydo boʻlyapti. Jumladan, Romitan tumanidagi Chelongʻu qishlogʻida shunday taʼlim maskani ish boshladi.

-15-yildan buyon tumanimizdagi 30 – umumtaʼlim maktabida yoshlarga saboq berib, muayyan tajriba toʻpladim, - deydi loyiha tashabbuskori, xorijiy til oʻqituvchisi Nargiza Nazarova.- Xususiy maktab ochishni anchadan buyon niyat qilib kelayotgandim. Yurtimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli maqsadimga yetdim. Maktabimiz 300 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan. Barcha fanlar chuqur oʻrgatiladi. Uzoqdan keluvchilar uchun avtobus ajratilgan.Iqtidorli oʻquvchilar salohiyatini yuzaga chiqarish uchun kuch – gʻayratimiz, bilimimizni ayamaymiz.

Shubhasiz, oʻqituvchining bilimi, kasb mahorati koʻp narsani hal qiladi.Viloyatda masalaning shu jihatiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Koʻrilayotgan chora – tadbirlar natijasida keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 76 foizga yetdi. 250 nafarga yaqin oʻqituvchi 1000 AQSH dollaridan koʻproq miqdorda maosh olmoqda.Joriy yilda 41 nafar oʻquvchi respublika va xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib chiqdi.

Maqolamizni Qorakoʻl akademik litseyi bitiruvchilari erishgan natija bilan boshlagan edik.Yana shu mavzuga qaytamiz. Bilimlarni baholash agentligi eʼlon qilgan maʼlumotlarga qaraganda, testga kirgan buxorolik 30 ming 231 nafar abituriyent oʻrtacha 89,5 ball toʻplashga erishgan. Bu respublika boʻyicha eng yuqori koʻrsatgichdir. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi boʻyicha esa viloyat 32,4 foiz bilan ikkinchi oʻrinni band etdi.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер