Yoshlar tashabbuskor yetakchilarga ergashadi

17:27 24 Fevral 2025 Jamiyat
196 0

Urgut tumanidagi Oʻzbekiston mahallasida yoshlar yetakchisi boʻlib ishlayotganimga koʻp boʻlmadi. Bugungi kunda yosh maslahatchilar kengashi raisi oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi sifatida yoshlar muammolarini hal etish, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida oʻz hissamni qoʻshib kelmoqdaman.

Oʻtgan yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovining “Yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalarini amalga oshirishda va bandligini taʼminlashda samarali koʻmaklashgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishida gʻolib boʻldim. Mahallamiz drayveri xizmat koʻrsatish, dehqonchilikka ixtisoslashgan hududda 6865 nafar aholi yashaydi. Ularning 1932 nafarini yoshlar tashkil etadi. Mahallaga kelib ishsiz yoshlar roʻyxatini shakllantirdim. Qiziqishi, imkoniyati, oilaviy holatini tahlil qildim. Natijada yoshlarning 1253 nafari “yashil”, 676 nafari “sariq”, 12 nafari “qizil” toifaga ajratildi. Dastlab yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish, qisqa muddatli kurslarga yoʻnaltirish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ular uchun ish oʻrinlarini yaratish maqsadida mahalladagi tadbirkor, hunarmand va fermerlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Ularga 42 nafar maktab va kasb-hunar maktabi bitiruvchilari biriktirildi. Natijada oʻquv yili oxirida biriktirilgan yoshlarning bandligi taʼminlanib, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga erishildi.

Ayni paytda 65 nafar yosh turli sohalar boʻyicha tadbirkorlarga biriktirilgan. Ular oʻqish bilan birga doimiy daromad topib, tadbirkorlik faoliyatini ham oʻrganmoqda. Jumladan, shu mahallada yashovchi Jahongir Ravshanov, Muhammadali Hasanov va Akobir Boʻronov tumandagi yetakchi tadbirkorlardan ish oʻrganib, hozirda “Urgut” savdo kompleksida savdo doʻkonlari tashkil qilgan. Ikkitadan ish oʻrni yaratgan.

Mahallada yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi bilan hamkorlikda oʻtgan yilda 45 nafar yoshga kredit olib berildi. Shundan 16 nafariga “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 80 million soʻm, 3 nafariga “Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish” dasturi orqali 260 million soʻm, 26 nafariga “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi orqali 295 million soʻm kredit ajratildi. Natijada 10 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 tasining faoliyati qayta tiklandi.

Oʻtgan yil “Bandlik dasturi”ga mahalladagi 140 nafar yosh kiritilgan boʻlib, shundan 50 nafari ishsiz, 90 nafari bitiruvchi edi. Dasturga kiritilgan 47 nafar yosh Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Samarqand viloyati filialida oʻqishga yoʻnaltirildi. 25 nafar yosh Savdo-sanoat palatasi yordamida tadbirkorlikka oid oʻquv dasturlarini tamomladi. 20 nafardan ziyod maktab bitiruvchisi doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi. Shuningdek, dastur doirasida toʻrt nafar bitiruvchiga oʻzini oʻzi band qilishi uchun yordam koʻrsatildi. 10 nafar ishsiz yoshga kredit ajratildi. 40 nafar yoshning bandligi taʼminlandi.

Mahallamiz yoshlari “Ibrat academy” ilovasi orqali xorijiy tillarni oʻrganish jarayonida yaxshigina muvaffaqiyatga erishdi. Jumladan, 10 nafar yosh xorijiy tilni oʻrganib, xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan xorijiy til sertifikatlarini olgan yoshlardan iborat “Ibrat farzandlari” jamoasi tuzilgan. Ushbu jamoaning asosiy vazifasi mahalladagi yoshlar oʻrtasida xorijiy tillarni oʻrganishni targʻib qilish, til oʻrganishga qiziqqan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Ayni paytda jamoada faoliyat koʻrsatayotgan 11-sinf oʻquvchilari Islombek Jamolov va Umidjon Gʻulomov mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli va til oʻrganishga qiziqqan 48 nafar yoshga ingliz tilini bepul oʻrgatmoqda. Shuningdek, 10-sinf oʻquvchisi Xislatbek Umarov oʻquv kursi tashkil qilib, taʼlim olish bilan birga, daromad manbaiga ham ega boʻlmoqda.

Joriy yilda yoshlar bandligini taʼminlashni, ularning hayotini yaxshilashga yoʻnaltirilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Jumladan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tanlov va musobaqalarning respublika bosqichida kamida 5 ta yoʻnalish boʻyicha yuqori oʻrinlarni egallash asosiy maqsadlarimizdan biri. Shu bilan birga, maktab va oliy taʼlim muassasalarini bitirayotgan 115 nafar yoshning bandligini taʼminlash, “Ibrat academy” ilovasi orqali xorijiy tillarni oʻrganish va “Ustoz AI” ilovasi orqali mahallada zamonaviy kasblarni bepul oʻrganish tizimini ommalashtirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, migratsiyaga ketgan 178 nafar yosh bilan tizimli ishlash va yil oxirigacha 80 nafardan ziyod yoshni yurtga qaytarib, ish bilan taʼminlash belgilangan.

Chunki yoshlarning bandligini taʼminlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, umuman, qiziqishiga qarab sohalarga yoʻnaltirish yoshlar hayotida muhim oʻrin tutadi. Bu jarayonda biz yetakchilar yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlab, oʻz isteʼdodini namoyish etishi uchun koʻprik boʻlishimiz kerak.

Diyorbek Akbarov,

Urgut tumanidagi Oʻzbekiston mahallasi yoshlar yetakchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?