Yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik yanada kengayadi

17:31 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
627 0

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi Yoshlar kengashining 6-yigʻilishi 2-kuni ham turli forum va uchrashuvlarga boy boʻldi.

Tashkil etilgan Oʻzbekiston-Rossiya yoshlar forumida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda 70 nafarga yaqin oʻzbekistonlik va rossiyalik yoshlar ishtirok etdi. Unda “Oʻzbekiston-Rossiya oʻrtasida yoshlar siyosati sohasida hamkorlik istiqbollari”, “Oʻzbekiston-Rossiya davlat yoshlar siyosatining xususiyatlari”, “Koʻngillilik-bu salohiyatni ochish va yoshlarni barqaror rivojlanish va mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlida birlashtirish platformasidir”, “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati salohiyatini taʼlim va fan sohasida innovatsion loyihalar prizmasida mustahkamlash” mavzularida taqdimotlar tinglandi. Ikki davlat yoshlar jamoat tashkilotlari va vakillarining ikki tomonlama hamkorligi borasida sessiyalar oʻtkazildi.

— Bizni Oʻzbekistonga mazkur forumga taklif etishganidan judayam xursandmiz, — deydi koʻngillilar markazlari uyushmasining xalqaro loyihalar markazi rahbari, rossiyalik Leyla Badalova. — Ikki kun davomida istiqbolli loyihalar, seminar-treninglar ikki davlat oʻrtasidagi yoshlar uchun qiziqarli oʻtmoqda. Fan-taʼlim, tadbirkorlik yoʻnalishida tanlovlar oʻtkazish borasida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi. Bugun Oʻzbekistonda yoshlar siyosati davlat darajasida ekanligini alohida qayd etish lozim. Koʻngillilar harakati va bu yoʻnalishdagi hamkorligimiz kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Forum doirasida yoshlar siyosati borasidagi kelgusi rejalarimizni ham belgilab oldik.

Shuningdek, bugun 2-Ozarbayjon yoshlar forumi ham boʻlib oʻtdi. Unda ikki xalq yoshlari uchun manfaatli boʻlgan koʻplab masalalar oʻrtaga tashladi. Jumladan, “Mamlakatlarda Turizm salohiyati va oʻziga xos xususiyatlari”, “Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan chora tadbirlar”, “Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish” kabi mavzularda davra suhbatlari boʻlib oʻtdi. Mazkur forumda har ikkala tomon oʻz manfaatlari uchun xizmat qiladigan tajribalarni oʻzlashtirishdi.

— Ozarbayjonlik yoshlar nomidan koʻrsatilayotgan iltifot va ajoyib mehmondoʻstlik uchun oʻzbekistonliklarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman — deydi ozarbayjonlik ishtirokchi Ali Abdullozoda. — Bizning yoshlar ham bu tadbirda bugun dunyo yoshlarini qiynab kelayotgan bir nechta muammolarni koʻtarib chiqishdi. Jumladan, yoshlardagi vatanparvarlik masalasi, bugun yer yuzining koʻpgina nuqtalarida bu muammo mavjud. Yaxshi va yengil hayot kechirish uchun vatanparvarlik tuygʻusidan voz kechayotganlar afsuski oramizda bor. Inson oʻzi uchun yaxshi hayotni oʻz yurtida ham yaratsa boʻladi. Bu masalaning birinchi tomoni. Ikkinchi tomoni esa radikallashuv, yaʼni yod gʻoyalarga berilish. Bu ham aslida vatanparvarligi yoʻq yoshlardan chiqadi. Ayni muammolarni yechish va uni bartaraf etish boʻyicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak, nimalarga eʼtibor qaratish lozim. Tadbirlarda shu masalalarni atroflicha muhokama qildik. Shuni ham alohida qayd etishim kerakki, bu forum yoshlar uchun katta bir muloqot maydoni boʻldi. Mazkur tadbirlar yoshlarni bir-biri bilan yaqindan tanishtirib, kelgusidagi hamkorlik uchun muhim poydevor vazifasini oʻtashiga ishonaman.

Forumning ikkinchi kunida shuningdek, «2 -Oʻzbekiston-Qozogʻiston yoshlar kongressi” ham boʻlib oʻtdi. Yoshlar oʻz mamlakatlarida ularga qaratilayotgan eʼtibor shuningdek, qoʻshni mamlakat yoshlari bilan insoniylik gʻoyalari orqali birlashuvi haqida maʼruzalar qilishdi. Aytildiki, bugun jamiyatda nafaqat bir davlat balki koʻplab mamlakatlar uchun xavf solib turuvchi omillar mavjud. Bu omillarga qarshi kurashishda yoshlarning oʻzaro bir-birini anglagan holda hamkorlik qilishi va salbiy gʻoyalarga yoʻgʻrilgan har qanday harakatlardan uzoq boʻlishi nafaqat maʼlum bir mamlakatlar rivoji va kelajagi uchun balki, insoniyatning kelajagi uchun ham muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Mazkur xalqaro forum anʼanaviy-axloqiy qadriyatlarni asrash, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari boʻyicha hukumat qarorlarini qabul qiluvchilar uchun fikr almashish, tavsiyalar ishlab chiqish hamda MDHga aʼzo davlatlar yoshlari hamkorligining asosiy yoʻnalishlarini belgilashda muhim platforma vazifasini oʻtadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер