Putin javob berishimizni bilishi shart — Shvetsiya mudofaa vaziri

19:54 29 Sentyabr 2025 Dunyo
86 0

Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yunson bir necha kun oldin yevropaliklarni urushga tayyorgarlik koʻrishga chaqirgan edi. U Bild nashriga bergan intervyusida NATO havo hududidagi provokatsiyalarga qanday javob berishini tushuntirdi.

Agar NATO havo maydonini Rossiya samolyotlari yoki dronlari buzsa, ularni urib tushirish yuzasidan berilgan savolga vazir quyidagicha javob berdi:

“Buni navbatchi operatsiya qoʻmondoni hal qiladi va shunday boʻlishi kerak. Bu byurokratlar qaror qabul qiladigan masala emas. Shvetsiya oʻz qadriyatlariga amal qiladi. Agar bizning havo hududimiz buzilsa, qoʻmondonlar zarur boʻlgan hamma narsani qilish vakolatiga ega. Biz hududiy yaxlitligimizni va Shvetsiya yerlarini himoya qilamiz”, — dedi Pol Yunson.

“Putin NATOni jiddiy qabul qilyaptimi?”, degan savolga vazir quyidagicha javob berdi:

“Putin faqat kuchni tushunadi. Uning bugungi harakatlari — maqsadli provokatsiyalar. Rossiya ittifoq hududini sinab koʻrmoqchi. Putin NATO har bir qismini himoya qilish uchun zarur choralarni koʻrishini bilishi shart. Agar orqaga chekinsak, bu xavfli boʻladi”.

Shuningdek, vazir Rossiya chegaralarida NATOning kuchliroq koʻrinishi haqida gapirdi:

“Putin samolyotlar va dronlarni uchirishda davom etmoqda. Endi u oʻz chegaralarida NATOni koʻproq koʻradi. Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qoʻshilishi — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining oqibati edi”, — dedi Yunson.

Ukraina Rossiyaga qarshi gʻalaba qozonishi mumkinmi? Bu savolga Pol Yunson shunday javob berdi:

“Hech kim Rossiya bu urushda gʻalaba qozonadi, deb ayta olmaydi. Putin katta yutuqlarga erishmayapti va uning iqtisodiyoti qiynalmoqda. Bir narsa aniqki, ukrainaliklar kuch pozitsiyasidan muzokara yuritishi kerak. Shuning uchun biz Kiyevni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishimiz juda muhim”.

Gʻarb Ukrainani yetarlicha qoʻllab-quvvatlayaptimi?

“Men yana koʻproq yordam koʻrishni xohlardim. Germaniya, Gollandiya va Shimoliy Boltiqboʻyi davlatlari allaqachon katta yordam bermoqda. Ammo butun Yevropa bu jarayonga faolroq qoʻshilishi lozim. Masalan, Ukraina mudofaa sanoatini qoʻllab-quvvatlash uchun muzlatilgan rus aktivlaridan foydalanishga tayyormiz”, — dedi Shvetsiya mudofaa vaziri.

NATO Ukrainaga qoʻshin kiritadimi?

Pol Yunson bu savolga javoban NATO qoʻshinlarini Ukrainaga yuborish masalasi sulh va tinchlik kelishuvidan keyin koʻrib chiqilishi mumkinligini taʼkidladi. Shu bilan birga, u Ukraina qurolli kuchlarini tiklashda maslahat va yordam berishga NATO tayyor ekanini qoʻshimcha qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер