Toshkentda toʻgʻri ovqatlanishga moslashuvchi qishloq xoʻjaligi tizimlarini rivojlantirish boʻyicha milliy oʻquv seminari oʻtkazildi

17:07 26 Sentyabr 2025 Jamiyat
145 0

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda sogʻlom ovqatlanish, oziq-ovqat va ovqatlanish xavfsizligi kun tartibining asosiy masalalaridan biri boʻlib kelmoqda.

Soʻnggi tashabbuslar qatoriga 2030-yilgacha oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni taʼminlash strategiyasining qabul qilinishi, Oziq-ovqat tizimlariga asoslangan ovqatlanish boʻyicha milliy koʻrsatmalarning ishlab chiqilishi, FAO va UNICEF koʻmagida 2025-yilda uy xoʻjaliklari ovqatlanishi boʻyicha tadqiqot oʻtkazilishi hamda milliy oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish boʻyicha milliy yoʻl xaritasi doirasida monitoring tizimlarini mustahkamlash va dalillarga asoslangan siyosatlarni ilgari surilishini misol sifatida keltirish mumkin.

Shu maqsadda, Toshkentda joriy yilning 24-25-sentyabr kunlari toʻgʻri ovqatlanishga moslashuvchi qishloq xoʻjaligi tizimlarini rivojlantirish boʻyicha ikki kunlik milliy oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbir FAOning: “Yevropa va Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi tizimlarini transformatsiya qilish” mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etilgan boʻlib, unda hukumat vakillari, ekspertlar va soha boʻyicha hamkorlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston ushbu loyihaning Armaniston va Bosniya va Gersegovina bilan bir qatorda uchta pilot davlatidan biridir.

“Barqaror va sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish agrotizimlarni transformatsiya qilish hamda fuqarolarimiz farovonligini taʼminlash uchun muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda biz inson salomatligi, sayyoramiz farovonligi va iqtisodiy barqarorlikni uygʻunlashtiruvchi yondashuvni qoʻllashimiz lozim”, — dedi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi yordamchisi Sherzod Umarov oʻz nutqida.

Ushbu seminar barqaror sogʻlom ovqatlanishni oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilishning markaziy maqsadi sifatida targʻib etishga, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalar oʻrtasida tarmoqlararo muloqotni kuchaytirishga, siyosat ishlab chiqishda dalillarga asoslangan yondashuvni mustahkamlashga hamda oziqlanishga sezgir qishloq xoʻjaligini joriy etish imkoniyatlari va salohiyatni rivojlantirish ehtiyojlarini muhokama qilishga qaratildi.

Shuningdek, seminarda Qishloq xoʻjaligi va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, boshqa davlat muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining texnik xodimlari ham faol ishtirok etdi

Ikki kun davomida milliy va xalqaro ekspertlar Oʻzbekistondagi oziq-ovqat va ovqatlanish holatini koʻrib chiqib, parhez bilan bogʻliq sogʻliq muammolari boʻyicha asoslarni taqdim etdi. Shuningdek, sogʻlom ovqatlanishga moslashuvchi qiymat zanjirlari kabi innovatsion vositalarni muhokama qilindi. Bundan tashqari, interaktiv guruh mashgʻulotlari orqali ishtirokchilar ekotizimlar va biologik xilma-xillik, oziq-ovqat taʼminoti zanjirlari, oziq-ovqat muhiti va isteʼmolchilarning xatti-harakati kabi yoʻnalishlarda asoslarni aniqlashdi.

Tadbir davomida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi qishloq xoʻjaligi investitsiyalarida oziqlanishni integratsiyalash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Atrof-muhit ijtimoiy fanlar tadqiqot guruhi esa Oʻzbekistondagi shahar oziq-ovqat tizimlari baholashining dastlabki natijalarini taqdim etdi.

Tadbirning ikkinchi kuni amaliy jihatlarga qaratilib, sogʻlom ovqatlanishga moslashuvchi tizimlar uchun koʻrsatkichlarni ishlab chiqish, sektor siyosatini tahlil qilish va salohiyat ehtiyojlarini aniqlash, shuningdek, shahar oziq-ovqat muhiti isteʼmolchilar tanloviga va sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilishga qanday taʼsir koʻrsatishi muhokama qilindi.

Seminar yakunida FAO xalqaro ekspertlari Kristina Lopriore va Valentina Gasbarri barqaror taraqqiyot uchun sektorlararo salohiyatni mustahkamlash va dalillarga asoslangan yechimlardan foydalanish muhimligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер