Ustoz – otangdek ulugʻ

14:19 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
138 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Ta’lim – davlat va jamiyatning ravnaq topishi hamda barqarorlikka erishishida juda muhim omil hisoblanadi. Binobarin, respublikamizdagi ta’lim mussasalarida ko‘p sonli yoshlarni o‘z farzandlaridek sevadigan yuz minglab fidoyi o‘qituvchilar mehnat qilishmoqda.

Har yili 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni mamlakatimizda keng nishonlanadi. Tarixan ustozga bo‘lgan chuqur hurmat saqlanib qolgani bois insonlar “Domla”, “Muallim”, “Ustoz” kabi ulug‘ nomlar bilan o‘z ustozlariga murojaat qilishgan. Umrini yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishlagan o‘qituvchilar hamma joyda bir xil – oddiy va kamtar.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda yangi kasblar, yangi sohalar ko‘payib bormoqda. Ularning har birining hayotda o‘z o‘rni, ahamiyati bor. Lekin, ular orasida shunday bir ulug‘ kasb borki, boshqa barcha kasblar uning negizida shakllanadi va taraqqiy etadi. Bu o‘qituvchilik kasbidir.

O‘qituvchilik kasblarning eng mashaqqatlisi va shu bilan birga eng ulug‘i hamdir. E’tirozlar bo‘lishi mumkin, qolgan kasblarchi? To‘g‘ri, jamiyatimizda shunday kasblar bor-ki, ularning vazifalari juda mashaqqatli, og‘ir va mas’uliyatlidir. Lekin, ularni ham murabbiy tarbiyalaydi, muallim yetishtiradi, ustozlar esa bir me’yorda rivojlanishi uchun o‘z pand-maslahatlarini ayamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassalalari faoliyatini erkinlashtirish va asosiysi o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Islohotlar zamirida esa, birinchi navbatda, o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinmasligi – bu katta siyosiy irodaning hosilasi, deb hisoblash mumkin. Ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga muvofiq o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘qituvchilar bilan bog‘liq maxsus modda kiritilishi – jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan juda muhim qadamdir.

Mazkur norma o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini, kasbiy mahoratining o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘z ustida ishlash, ta’lim berishning yangi usullarini ishlab chiqishga qulay sharoit yaratadigan tizimni yo‘lga qo‘yish uchun muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, yuqoridagi konstitutsiyaviy norma mamlakatimizda o‘qituvchining mehnatiga jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni tayyorlash hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini oshirishning asosi sifatida qaraladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Zero, muallim o‘z vazifasini ko‘ngildagidek uddalasa, ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi, yurtimizda “Uchinchi Renessans” poydevorini barpo etish mumkin bo‘ladi. Konstitutsiya esa bularning barchasiga mustahkam qalqon bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlash kabi vazifalarni Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi farzandlarimizning sifatli va zamonaviy ta’lim olishiga, kelajakda farovon yashashiga xizmat qiladi. Konstitutsiyada ularning maqomi oshirilishi esa o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiromni va ushbu kasbning qanchalik qadrli ekanligidan dalolat beradi.

Imkoniyatdan foydalanib, menga ilk xarf tanitgan va qo‘limga qalam tutgan birinchi muallimlarim D.Abdushukurova hamda N.Rahmatovaga, huquqshunoslik kasbiga qadam qo‘yishimga sababchi bo‘lgan tarix fani o‘qituvchisi B.Irzayevga, sohaning mashaqqatlarini yengib o‘tishga ko‘mak bergan marhum ustozlarim B.Mustafayev va Gʻ.Isayevga, o‘zlarining maslahatlari bilan doimo qo‘llab-quvvatlab turgan U.Bozorov, B.Mirboboyevga hamda eng asosiysi, o‘qituvchi degan sharafli kasb egasi, uzoq yillardan beri yoshlarga ta’lim berib kelayotgan otam – Abdumalik Majidovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman va ularni kasb bayrami bo‘lmish, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan tabriklayman.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudining

katta eksperti Shoxrux Majidov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер